
Xabaringiz bor, ertaga «Paxtakor» stadionida futbol bo`yicha O`zbekiston Superkubogi bo`lib o`tadi. Unda Superliganing amaldagi chempioni «Lokomotiv» jamoasi O`zbekiston Kubogi sohibi AGMK jamoasi bilan to`qnash keladi. Bugun mazkur bahs oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. E`tiborlisi, mazkur tadbir o`zgacha tarzda bo`lib o`tdi. Anjuman odatdagidek stadionning anjumanlar zalida emas, «Samarqand darvoza» ko`ngilochar savdo markazida o`tkazildi.
Tadbirda har ikki jamoa bosh murabbiylari, futbolchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari va muxlislar ishtirok etishdi.
Anjumanda qatnashgan murabbiylar ertaga muxlislarni qiziqarli o`yin kutib turganini alohida qayd etib o`tishdi.
«Ertaga bizni qiziqarli o`yin kutib turibdi. Biz uchrashuvga tayyormiz. Stadionga muxlislarni taklif qilamiz, chunki biz aynan ular uchun o`ynaymiz. Stadion to`lib turishi futbolchilarga ham kuch bag`ishlaydi. Umid qilamizki biz o`yinda oldimizga qo`ygan maqsadimizga erishamiz.
OChLda «Al Nassr»ga qarshi o`yinda yomon o`yin ko`rsatmadik. Guruh bosqichiga chiqishni judayam istagandik. Ammo bu futbol va ushbu o`yin ana shunday holatlar bilan qiziq. Nima bo`lganda ham hayot davom etadi. Biz ertangi o`yinda bundan hulosa chiqargan holda maydonga tushamiz va o`z maqsadimizga erishamiz. «Lokomotiv»dan cho`chiyotganim yo`q. Uchrashuv oson bo`lmaydi», – dedi AGMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov.
Shuningdek, tadbirda jurnalistlar jamoa futbolchilaridan ham o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
«Murabbiy sifatida ilk marotaba bunday o`yinda qatnashayapman. Bu mavsumning ilk rasmiy uchrashuvi bo`ladi. Umid qilamanki ertaga yaxshi o`yin bo`ladi. Bahsda kuchli jamoa g`alaba qozonsin.
Jamoadagi o`zgarishlar? Futbolda o`zgarish bo`lib turishi normal holat. Futbol bir joyda turmaydi. Biz shunga qaramay oldinga intilamiz. Yangi futbolchilar nafaqat eskilarni o`rnini egallashadi, balki jamoamizni yanada kuchaytirishadi», – dedi «Lokomotiv» ustozi Andrey Fyodorov.
Xabar qilinganidek, ertangi uchrashuv Turkiyaning KOC Elektrik AS kompaniyasi bosh homiyligi ostida kechadi. Mazkur homiylik bo`yicha O`zbekiston va Turkiya ishbilarmonlari uyushmasi (O`TIU) kengashi raisi, Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti va O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti maslahatchisi Erjan Bulut o`z fikrlarini bildirib o`tdi.
Tadbirning savol-javob qismi yakuniga etgach, muxlislar futbolchilar bilan birgalikda suratga tushish imkoniyatiga ega bo`lishdi. Shuningdek, muxlislar uchun avtograf sessiya tashkil etib berildi. Bundan tashqari, ertangi uchrashuv uchun chiptalar taqdim etildi.
Eslatib o`tamiz, «Lokomotiv» hamda AGMK jamoalari o`rtasidagi Superkubok o`yini ertaga soat 16:00 da «Paxtakor» stadionida boshlanadi.