Bugun dedlayn. PFL 5 ta klubning yakuniy qarorini kutmoqda

Professional futbol ligasi bugun — 22 fevral sanasida Superliga uchun da`vogar bo`lgan 12 ta klub haqidagi o`z xulosalarini O`zbekiston futbol assotsiatsiyasiga taqdim etadi.

Bungacha “Paxtakor”, “Lokomotiv”, AGMK, “Metallurg”, “Buxoro” va “Qo`qon-1912” klublari litsenziyalash bo`yicha reglamentning akademiya talablarini bajarmagani yuzasidan xabar berilgandi. Ayni vaqtda “Qo`qon-1912” futbol klubi Farg`ona viloyati bolalar-o`smirlar futbol akademiyasi bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi. Bugun kechga qadar qolgan 5 ta klub rahbariyati 2019 yilgi mavsum talabi bo`yicha kafolat xati taqdim etishi kerak.

Agar mana shu 5 ta klub kafolat xatini o`z vaqtida taqdim etmasa, ularning Superligada ishtirok etish masalasi so`roq ostida qoladi. Ularning o`rnini katta ehtimol bilan “A” Pro-ligasida to`p surishi kerak bo`lgan va litsenziyalash talablarini amalga oshirayotgan klublar egallashi mumkin. Bu haqdagi qarorni O`zbekiston futbol assotsiatsiyasining Litsenziyalash bo`yicha qo`mitasi qabul qiladi hamda tasdiqdan o`tkazish uchun Ijroqo`mga kiritadi. Professional futbol ligasi mana shu taqdimnoma asosida 25 fevral kuni Superliganing 2019 yilgi mavsumi uchun qur`a tashlaydi. 

Ma`lumot uchun, klublarga taqdim etilgan 2019 yilgi mavsum uchun Musobaqalarni o`tkazish reglamentida Superligada 10 ta klub ishtirok etishi mumkinligi masalasi ham ko`rsatib o`tilgan. Voqealar shu taqlid davom etsa, musobaqa formati 10 ta klubga moslab tuzib chiqiladi hamda 25 fevral kuni shunga asosan qur`a tashlash marosimi o`tkaziladi. Marosim 18:45 dan boshlab “Sport” telekanalida jonli namoyish etiladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb