
Professional futbol ligasi O`zbekiston Superkubogi uchrashuvini yuqori saviyada tashkil etish yo`lida “Samarqand darvoza” savdo-ko`ngilochar markazi bilan kelishuvga erishgani hamda Superkubok uchrashuvi oldidan har ikki jamoa bosh murabbiylari hamda futbolchilari ishtirokidagi matbuot anjumani ushbu markazda bo`lib o`tishi haqida xabar bergan edik.
Rejaga ko`ra, 22 fevral kuni Mirjalol Qosimov ham, Andrey Fyodorov ham matbuot anjumaniga jamoaning etakchi futbolchilari bilan tashrif buyuradi. Bunda anjuman odatdagi ko`rinishda emas, bayramona ruhda o`tishi asosiy ahamiyat kasb etadi. Mazkur jarayonni istalgan futbol muxlisi kuzatib borish imkoniyatiga ega.
O`zbekiston kubogi sohibi – AGMK jamoasi bosh murabbiyi va etakchi o`yinchilari ishtirokidagi o`yinoldi matbuot anjumani 22 fevral kuni soat 17:30da boshlanadi. Mamlakatimiz chempioni – “Lokomotiv” bosh murabbiy va etakchilari ishtirokidagi matbuot anjumani esa soat 18:00da bo`lib o`tadi. Anjumanga barcha turdagi OAV xodimlari, futbol jamoatchiligi vakillari va muxlislarni taklif etamiz.
Qayd etish joiz, O`zbekiston Superkubogi g`olibiga topshiriladigan sovrin ham shu kuni “Samarqand darvoza”ga olib kelinadi. Istovchilar uning fonida futbolchilar hamda murabbiylar bilan suratga tushishlari mumkin. Shuningdek, 23 fevral kuni “Paxtakor” stadionida o`tkaziladigan Superkubok o`yini uchun Professional futbol ligasi tashrif buyuruvchilarga bepul chiptalar taqdim etadi.
O`zbekiston Superkubogi-2019 o`yini 23 fevral kuni bo`lib o`tadi. Bellashuv poytaxtdagi “Paxtakor” stadionida o`tadi. O`yin 16:00 da start oladi va “Sport” telekanali orqali to`g`ridan-to`g`ri efirda namoyish etiladi.
O`yin boshlanishidan oldin va tanaffus vaqtida yurtimizning el suygan san`atkorlari ishtirokida kontsert dasturi va turli tadbirlar tashkil etilishi ko`zda tutilgan. Jumladan, estradamiz yorqin yulduzlari – Shahzoda, Lola va boshqa mashxur xonandalar ishtirokidagi o`yinoldi kontsert soat 14:30dan boshlab stadionga tashrif buyuruvchi muxlislar e`tiboriga havola etiladi.
Yana bir quvonarli jihat shundaki, ishqibozlar shu kuni Superkubok o`yiniga bepul tarzda kirish imkoniyatiga ega bo`lishadi. O`yin uchun chiqariladigan chiptalar taklifnoma tarzida “Paxtakor” stadioni kassalarida muxlislarga bepul tarzda taqdim etiladi.
Ta`kidlab o`tamiz, O`zbekiston Superkubogi-2019 uchrashuvi Turkiyaning KOC Elektrik AS kompaniyasi bosh homiyligi ostida kechadi.