
Professional futbol ligasi O`zbekiston Superligasi uchrashuvini yuqori saviyada tashkil etish yo`lida “Samarqand darvoza” savdo-ko`ngilochar markazi bilan kelishuvga erishdi. Unga ko`ra, Superkubok oldidan har ikki jamoa bosh murabbiylari hamda futbolchilari ishtirokidagi matbuot anjumani Toshkent markazida joylashgan “Samarqand darvoza”da bo`lib o`tadi.
Rejaga ko`ra, Mirjalol Qosimov ham, Andrey Fyodorov ham matbuot anjumaniga jamoaning etakchi futbolchilari bilan tashrif buyuradi. Bunda anjuman odatdagi ko`rinishda emas, bayramona ruhda o`tishi asosiy ahamiyat kasb etadi. Mazkur jarayonni istalgan futbol muxlisi kuzatib borish imkoniyatiga ega.
O`zbekiston Superkubogi g`olibiga topshiriladigan sovrin ham shu kuni “Samarqand darvoza”ga olib kelinadi. Istovchilar uning fonida futbolchilar hamda murabbiylar bilan suratga tushishlari mumkin. Shuningdek, 23 fevral kuni “Paxtakor” stadionida o`tkaziladigan Superkubok o`yini uchun Professional futbol ligasi tashrif buyuruvchilarga bepul chiptalar taqdim etadi.
AGMK va “Lokomotiv” klublari muxlislari o`z suyukli futbolchilaridan dastxat olish, ular bilan yuzma-yuz suhbatlashish imkoniyatga ega bo`lishlari mumkin. Professional futbol ligasi muxlislarning millionlar o`yiniga bo`lgan mehrini qaytarish, ishqibozlar orasiga yanada yaqinroq kirib borish yo`lida bu kabi tadbirlarni tez-tez amalga oshirishni rejalashtirgan. Yozga qadar O`zbekiston chempioni va kubogi sohiblari qabul qilib oladigan sifatli sovrin ham tayyor bo`ladi. Mazkur sovrinlar butun mamlakat bo`ylab aylanadi, ular birinchi navbatda muxlislar ko`z o`ngida namoyish etiladi.
Ma`lumot uchun, “Samarqand darvoza” savdo-ko`ngilochar markazidagi tadbir 22 fevral — juma kuni bo`lib o`tadi. Uning aniq vaqti tez orada ma`lum qilinadi.