Yangi mavsumga qizg`in hozirlik olib borayotgan O`zbekiston Professional futbol ligasi milliy chempionatimiz uchrashuvlari ommabop va tomoshabopligini oshirish, Superliga brendini yanada ommalashtirish maqsadida qator loyihalarni amalga oshirish arafasida turibdi.
Ularning dastlabkilaridan biri yangi – 2019 yilgi mavsumdan boshlab Superliga uchrashuvlari teletranslyatsiyasi sifati va ko`rinishini yangi darajaga olib chiqish, uchrashuvlar televizor orqali efirga uzatilganda foydalaniladigan teleeffektlar hamohang va mutanosibligini ta`minlash orqali milliy chempionatimizning bir xil shakldagi hamda tanib olish oson bo`lgan teleeffektlardan iborat shablonini yaratishdir. Ya`ni, milliy chempionat o`yinlari translyatsiyasi boshlanayotganda jamoalar tarkiblari xuddi Evropaning etakchi milliy birinchiliklarida bo`lgani kabi bir xil andoza asosida futbolchilarning harakat orqali chiqib kelishi ko`rinishida berib boriladi. Qolaversa, takroriy lavhalar va o`yin hisobi namoyish etiladigan teleeffektlar bir xil ko`rinishda bo`lishi ham ko`zda tutilgan.
Shu maqsadda bugun O`zPFL tomonidan yangi tashkil etilgan telestudiyada ilk fotosessiya va videoshuting jarayoni bo`lib o`tdi. Bugun xalqaro maydonda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan "Paxtakor" va AGMK jamoalari futbolchi va murabbiylari mavsumoldi fotosessiya va videoshuting jarayonimizni rasman ochib berishdi. Qolgan klublar ham mavjud ketma-ketlik asosida shu kunlarda foto va videoshutingda ishtirok etishadi. Navbatdagi mehmon – mamlakatimizning amaldagi chempioni “Lokomotiv” jamoasi a`zolari bo`ladi.
Mazkur videoshuting davomida jamoalarning tarkiblari TV orqali tanishtirilishi uchun olingan videolavhalar yakunda milliy chempionatimiz o`yinlarini teletranslyatsiya qiluvchi Sport telekanaliga taqdim etiladi.
O`z o`rnida Professional futbol ligasining ushbu tashabbusini qo`llab-quvvatlayotgan Sport telekanali rahbariyatiga buning uchun minnatdorchilik izhor etamiz.