O`zbekiston professional futbol ligasi oldinda turgan yangi mavsumdan oldin Superliga klublari oldiga bir qator jiddiy talablarni qo`ygan edi. Bu talablarning eng asosiylaridan biri – har bir klub o`zining futbol akademiyasiga ega bo`lishi yoki O`FA qoshidagi biron akademiya bilan shartnoma qilishi lozim.
“Qo`qon-1912” futbol klubi bugun PFLning akademiya masalasidagi talabini bajardi. Jamoa rahbariyati bugun O`FA qoshidagi Farg`ona viloyati hududiy futbol akademiyasi bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi.
Shuningdek, Qo`qondagi “Markaziy” stadionda katta hajmdagi ishlar boshlangan. Bugungi kunda “Markaziy” stadion maydoni to`liq yangilanish arafasida. Stadionga sifati yuqori bo`lgan tayyor chim olib kelib o`rnatiladi. Ayni kunda maydon drenaj va sug`orish tizimlari to`liq yangilanib, chimni yotqizish uchun tayyor holatga keltirilgan. Mutaxassislar chim yotqizish uchun biroz qulay bo`lgan ob-havoli kunlarni kutib turibdilar. Yaqin kunlarda “Markaziy” stadioniga yangi chimni o`rnatish boshlanadi.
Shuningdek stadion yoritgichlari ham yangilanib, talab darajasiga keltiriladi.