“Lokomotiv”, “Paxtakor” va yana 4 klub akademiya bo`yicha minimal talabni hozirgacha bajarmagan

O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi 2017 yilning to`rtinchi choragidan boshlab Superliga futbol klublarini akademiya masalasida ogohlantirib keldi. Davlat korxonalari tomonidan moliyalashtirib kelingan klublar aslida 2007 yildan boshlab o`z akademiyalariga bosqichma-bosqich ega bo`lib borishlari belgigab qo`yilgan. Ammo oradan 12 yil vaqt o`tsa-da, bir qator klublar hukumatning bu talabini bajarmagan. Hozirgacha faqatgina “Nasaf” va “Bunyodkor” futbol akademiyalari qoniqarli faoliyat olib bordi. “Mash`al” hamda “Sho`rtan” futbol akademiyalari esa yildan-yilga izdan chiqib borgan.

2018 yilga kelib mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoev qarori bilan 14 ta futbol akademiyasi O`FA qoshida tashkil etildi. Ya`ni, klublar 12 yildan buyon paysalga solib kelgan ish birgina 2018 yilda uddalandi. 2022 yilga qadar mazkur 14 ta futbol akademiyasi to`liq ta`mirdan chiqib ulguradi. Muhimi, akademiyalar uchun joy ajratilgan, endilikda ularni bosqichma-bosqich rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash kerak bo`ladi.

2018 yilda “Lokomotiv”, “Paxtakor”, AGMK, “Metallurg”, “Buxoro”, “Qo`qon-1912” kabi futbol klublari natija ketidan quvib, yulduz futbolchilar uchun katta chiqimlar qildi. Biroq mana shu davr ichida ular o`z futbol akademiyasini tashkil qilib ulgurmadi. Faqatgina O`FA 2019 yilgi litsenziyalash jarayoniga futbol akademiyasi talabini qat`iy joylashtirgach, ular harakatga keldi.

O`FA o`z qaramog`ida bo`lgan futbol akademiyalarini bosqichma-bosqich futbol klublariga beradi. Ayni vaqtda hukumat 14 ta futbol akademiyaning har biriga 2,5 milliard yillik smeta ajratayotgan bo`lsa, o`z futbol akademiyasiga ega bo`lmagan klublar 2019 yilda shuning teng yarmi — 1,25 milliard so`m bilan futbol akademiyalariga sherikchilik qilishi ko`zda tutilgan. Shunda futbol akademiyasi yillik 3,75 milliard so`mga ega bo`ladi. Bu mablag`lar moddiy-texnik bazani mustahkamlash, malakali kadrlarni jalb qilish, futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilarining talab qilingan darajada ovqatlanishi, tibbiy muolajalari va boshqa maqsadlarga yo`naltiriladi. 2020 yilga kelib futbol klublari davlat korxonalaridan olayotgan mablag`laridan endi 2,5 milliard, ya`ni, davlat ajratayotgan ulush bilan teng miqdorda futbol akademiyasi uchun jalb qilishlari kerak bo`ladi. 2021 yilga kelib futbol klublari 3,75 milliard so`mni bevosita futbol akademiyasi yo`naltiradi va 2022 yilga kelib bu miqdor 5 milliard so`mga etkaziladi.

Mana shu reja asosida davlat korxonalari ajratayotgan smetalardan ma`lum foizi maqsadli ravishda bolalar futbol akademiyalariga yo`naltiriladi. Natijada O`zbekistonda “Nasaf” va “Bunyodkor”ning hozirgi holatidan kam bo`lmagan yigirmaga yaqin futbol akademiyasi faoliyat olib boradi. Agar futbol klublari 2019 yil davomida o`z futbol akademiyalarini ishga tushirsa, O`FA qoshidagi futbol akademiyalariga pul ajratishi shart emas. Biroq O`FA har bir klub o`z futbol akademiyasi uchun ajratayotgan summani nazorat qilib boradi. Bu summa minimal talabdan kam bo`lmasligi shart. Masalan, “Bunyodkor”, “Nasaf” kabi klublar o`z futbol akademiyasi uchun yillik tahminan 4 milliard so`m ajratib keladi. Natijasini hamma ko`rib turibdi. Birgina Odil Hamrobekovning transferi ortidan “Nasaf” 2,5 milliard so`m ishlab olmoqda. “Bunyodkor” esa Rustam Ashurmatov, Doston Hamdamov, Sardor Rashidov kabi tarbiyalanuvchilari ortidan ancha salmoqli transferlarga qo`l ura olgan.

2019 yilga kelib yuqorida nomi ko`rsatilgan Superliganing olti klubi yana eski bahonalar bilan cheklanyapti. Ammo endi qaror qat`iy. O`FA ularning kelajakdagi rejalarini hurmat qiladi, biroq klublarni musobaqaga qo`yayotganda ularning akademiya bo`yicha talablarini jiddiy nazorat qiladi. Yillik 30 milliard smetaga ega klublarning futbol akademiyasi uchun 1,25 milliard so`m ajrata olmasligini tushunish qiyin. Aslida klublar faqatgina shu summani birgina futbolchini qo`lga kiritish, uni ikki shartnomaga qo`l qo`ydirish uchun bo`lgan kurashlarga ham sarflab yuboradi.

Ayni vaqtda “Lokomotiv”, “Paxtakor”, “Qo`qon-1912”, AGMK, “Metallurg” va “Buxoro” futbol klublari bu talablarni bajarmagan. Voqealar rivoji shu taqlid davom etsa, mazkur klublar Superliga uchun bo`lgan 600 millionlik badal puli yoniga 1,25 milliard so`mni to`labgina chempionatga qo`shiladi. PFL ularning ayrimlari uchun va`da qilingan mukofot pullarini shuning hisobidan qoplab beradi. Ortganini esa bolalar va o`smirlar futbol akademiyalariga o`tkazib beradi. Yo`qsa, yuqorida nomlari qayd etilgan futbol klublari Superligadan chetlashtiriladi. Ular qanday natijalar qayd etgan bo`lmasin, endi o`zbek futboli o`z-o`zini aldamaydi. Davlat korxonalari ajratayotgan pullarning maqsadli sarflanishi yo nazorat qilinishi yoki biz o`z-o`zimizni aldashda davom etishimiz kerak.

Ma`lumot uchun, ayni vaqtda “Mash`al” izdan chiqib ketgan futbol akademiyasini qayta tiklash ustida ishlayapti. Shuningdek, “Xorazm” va “Surxon” klublari ham akademiya uchun qo`yilgan minimal talablarni bajarishni boshlagan. PFL yangi mavsumga qur`a tashlash marosimini shu kabi sabablar, klublarning eski tizimda ishlashga o`rganib qolgani vajidangina kechiktiryapti. Agar talablar o`z vaqtida bajarilmasa, klublar chetlashtirilishi yoki chempionat starti yana cho`zilishi mumkin. Har yili bo`lgani kabi kamchiliklarga ko`z yumib, chempionatni start oldirish ham mumkin. Biroq 2019 yilgi mavsumda bunday bo`lmaydi. O`nlab klublar shu vaqtgacha sarf etib yuborgan pullar hisobiga bir qator samarali ishlarni amalga oshirish mumkin bo`lgan. Biroq hozir qat`iy turilmasa, bu kabi ishlar to`xtashi qiyin. Oddiy misol, 2019 yilgi mavsum davomida yuqoridagi klublar legionerlar uchun umumiy qancha sarf qilganini tekshirish mumkin. O`sha legionerlar klubga qanchalik foyda keltirgani har kimning o`ziga havola. Akademiya uchun qo`yilgan kapital esa “Bunyodkor” va “Nasaf” misolida samaraliroq ekani isbotlanib bo`lgan.

Professional futbol ligasi yuqoridagi talabni to`g`ri tushungani va shu yo`lda ish olib borayotgani uchun “Paxtakor” bosh murabbiyi Shota Arveladzega minnatdorchilik bildiradi. Biroq yakuniy qadam tashlanmaguniga qadar “Paxtakor”dek klubga ham Superligada ishtirok etish uchun ruxsat bermaydi. Bu fikr qolgan 5 ta klub uchun ham tegishlidir.   

mib
uzcard
cola
apex
bmb