Yangi mavsum oldidan Superliga va Pro-liga hakamlari ishtirokida yig`ilish bo`lib o`tdi

 

Bugun Milliy olimpiya qo`mitasida yangi mavsum oldidan Superliga va Pro-liga hakamlari ishtirokida yig`ilish bo`lib o`tdi.

Yig`ilishda O`zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov, PFL bosh direktori Omon G`ofurov, O`FA Hakamlar va nazoratchilar departamenti boshlig`i Ma`mur Saidqosimov va boshqa O`FA mutasaddilari ishtirok etishdi.

Yig`ilishda so`zga chiqqan Umid Ahmadjonov O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasi tomonidan hakamlarga barcha sharoitlar yaratib berilayotgani, bundan ko`zlangan asosiy maqsad yurtimizda hakamlik saviyasini oshirish, o`yinlarning xolis va adolatli boshqarilishini ta`minlashdar iborat ekanini aytib o`tdi.

“Hakamlarimiz saviyasini oshirish uchun O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasi tomonidan barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hakamlar uchun xorijda o`quv-mashg`ulotlar tashkil qildik, ular uchun turli seminarlar o`tkazmoqdamiz.

Joriy mavsumdan boshlab boshqargan uchrashuvlari uchun yaxshi baholar olgan hakamlar O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasi tomonidan rag`batlantirilib boriladi. Aksincha, qo`pol xatolarga yo`l qo`yadigan hakamlar esa qaytib Superliga o`yinlariga qo`yilmaydi, ular Pro-liga musobaqasida hakamlik qilishadi hamda yuqori liga uchrashuvlarini boshqarishga munosib ekanliklarini boshqatdan isbotlashlari kerak bo`ladi. 

Maqsad hakamlarimiz o`yinlarni xolis va adolatli boshqarishsin, turli qing`irliklardan uzoqroq yurishsin. Hakamlarning harakatlari muntazam ravishda maxsus inspektsiya tomonidan nazorat qilib borilishini ham ta`kidlab o`tish zarur. Qing`ir ishlarlarga aralashadigan hakamlar qattiq jazolanadi. 

Uchrashuvlarni boshqarish uchun joylarga borishganida, hakamlarga nisbatan hurmat yuqori bo`lsin. Hakamlarga chetdan bosim o`tkazishga hech kimning haqqi yo`q. Klub rahbarlari, vakillari kim bo`lishidan qat`iy nazar agar hakamlarga bosim o`tkazishga urinishsa, O`FA tomonidan jazolanadi. Joriy mavsumdan boshlab hakamlarning o`yinlarga borish-kelish, mehmonxona xarajatlari barchasi PFL tomonidan qoplab beriladi. Maqsad - hakamlar daxlsiz bo`lsin. O`z ishini sidqidildan bajarsin. Faqat O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasi rahbariyati hakamlar ishini nazorat qiladi va ularni baholab boradi. 

Ravshan Ermatov butun dunyoda hurmatga sazovor hakam. U endilikda Superliga va Pro-liga hakamlariga kuratorlik vazifasini bajaradi. O`zining katta tajribasi va mahorati bilan boshqa hakamlarga ham malaka oshirishga yordam beradi. Hakamlarimiz faqat O`zbekiston doirasidagi uchrashuvlarda ishlamay, FIFA va OFK tasnifidan o`rin olgan o`yinlarda ko`proq ishlashlariga erishishimiz zarur. Buning uchun har bir hakam o`z ustida ko`p ishlashi, mehnat qilishi talab etiladi. Shundagina rivojlanish, o`sishni kuzatish mumkin bo`ladi”, - dedi Umid Ahmadjonov.

Manba: http://ufa.uz

mib
uzcard
cola
apex
bmb