PFL maxsus ishchi-guruhi bir qator klublarni monitoringdan o`tkazmoqda

Bilasiz, Superliga va Pro-liga klublari yangi mavsum uchun futbolchi va murabbiylarini PFLda ro`yxatdan o`tkazishi uchun avvalo bir qator talablarni bajarishi lozim bo`ladi.

Ya`ni, oldindan ma`lumot berilganidek, “O`FA va O`zPFL tomonidan o`tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etuvchi futbol klublarini litsenziyalash va professional futbol klubi maqomini belgilash bo`yicha reglament”da ko`rsatilgan talablar, jumladan o`z akademiyasiga ega bo`lish, uy stadioni maydoni yaxshi holatda bo`lishini ta`minlash hamda futbolchilari oldida qarzdorligi mavjud emasligini ko`rsatgan klub haftaning istalgan kunida yangi futbolchilari bilan shartnomalarni PFL ro`yxatidan o`tkazishi mumkin.

Biroq yangi mavsum starti borgan sayin yaqinlashayotgan bo`lsa-da, yuqorida sanab o`tilgan u yoki bu talabni bajarishni biroz paysalga solayotgan klublar ham yo`q emas.

Ayni paytga kelib, faqatgina “Qizilqum” hamda “Andijon” jamoalari yuqorida sanab o`tilgan talablar yuzasidan amalga oshirilgan va bajarilayotgan ishlar bo`yicha to`liq hisobot taqdim etdi. Vaziyat qolgan klublarda qanday ekani, yangi mavsumga tayyorgarlik jarayoni qanday olib borilayotgani bilan yaqindan tanishish maqsadida PFL monitoring guruhlari bugun, 9 fevral kuni bir qator klublarga tashrif buyurishmoqda.  

Jumladan, “Buxoro”, “Mash`al”, “Nasaf”, “So`g`diyona”, “Dinamo”, “Qo`qon-1912”, “Neftchi”, “Istiqlol”, “Navbahor” hamda “Surxon” klublarida monitoring olib borilmoqda va stadion, maydon holati, yoritish tizimlari, klub shtat birligi, akademiya, mavjud qarzdorliklar va boshqa yo`nalishlar bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko`zdan kechirilmoqda. 

Dushanba kuni o`tkazilgan monitoring natijalari umumlashtirilgan holda keng futbol jamoatchiligi e`tiboriga havola etiladi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb