
Xabaringiz bor, 17 dekabr sanasidan e`tiboran Superliga klublari yangi futbolchilar bilan tuzilgan shartnomalarni PFL ro`yxatidan o`tkazishi mumkin. Bu jarayon 2019 yilning 7 mart sanasiga qadar davom etadi.
Lekin avvalo klublar oldiga qo`yilayotgan talablarni bajarishi lozim bo`ladi. Ya`ni, oldindan ma`lumot berilganidek, “O`FA va O`zPFL tomonidan o`tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etuvchi futbol klublarini litsenziyalash va professional futbol klubi maqomini belgilash bo`yicha reglament”da ko`rsatilgan talablar, jumladan o`z akademiyasiga ega bo`lish, uy stadioni maydoni yaxshi holatda bo`lishini ta`minlash hamda futbolchilari oldida qarzdorligi mavjud emasligini ko`rsatgan klub haftaning istalgan kunida yangi futbolchilari bilan shartnomalarni PFL ro`yxatidan o`tkazishi mumkin bo`ladi.
Ayni paytga kelib, faqatgina “Qizilqum” hamda “Andijon” jamoalari yuqorida sanab o`tilgan talablar yuzasidan amalga oshirilgan va bajarilayotgan ishlar bo`yicha to`liq hisobot taqdim etdi. Vaziyat qolgan klublarda qanday ekani, yangi mavsumga tayyorgarlik jarayoni qanday olib borilayotgani bilan yaqindan tanishish maqsadida PFL monitoring guruhlari 9 fevral kuni bir qator klublarga tashrif buyurishadi.
Jumladan, “Buxoro”, “Mash`al”, “Nasaf”, “So`g`diyona”, “Dinamo”, “Qo`qon-1912”, “Neftchi”, “Istiqlol”, “Navbahor” hamda “Surxon” klublarida monitoring olib boriladi va stadion, maydon holati, yoritish tizimlari, klub shtat birligi, akademiya, mavjud qarzdorliklar va boshqa yo`nalishlar bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko`zdan kechiriladi.