
Yurtimizda yangi futbol mavsumini O`zbekiston Superkubogi uchun o`tkaziladigan uchrashuv ochib beradi.
Mamlakat Superkubogi uchun kechadigan uchrashuvda O`zbekistonning amaldagi chempioni – “Lokomotiv” hamda 2018 yilgi O`zbekiston kubogi sohibi – AGMK jamoalari g`olib chiqish uchun bahs yuritishadi.
Xabar berganimizdek, O`zbekiston Superkubogi-2019 o`yini 23 fevral kuni bo`lib o`tadi. Mazkur bahs poytaxtimizdagi “Paxtakor” stadionida o`tadi va soat 15:00da start oladi.
O`zbekiston Superkubogini o`tkazish bo`yicha nizom tasdiqlandi. Unga ko`ra, g`olib uchrashuv asosiy vaqtida qayd etiladigan natijaga asosan aniqlanadi. Agar uchrashuv asosiy vaqti durang natija bilan tugasa, har biri 15 daqiqadan iborat 2 ta qo`shimcha bo`limlar o`tkaziladi. Mabodo qo`shimcha vaqtda ham g`olib nomi aniqlanmasa, penaltilar seriyasiga murojaat etiladi.
Qayd etish joiz, Superkubok uchrashuvi vaqtida olinadigan sariq va qizil kartochkalar O`zbekiston Superligasi uchrashuvlarida ham amal qiladi.
Qayd etish joiz, O`zbekiston Superkubogi uchun uchrashuvlar shu paytga qadar 4 marta o`tkazilgan.
1999 yil. Navbahor (Namangan) 4:2 Paxtakor (Toshkent)
2014 yil. Bunyodkor (Toshkent) 2:1 Lokomotiv (Toshkent)
2015 yil. Lokomotiv (Toshkent) 4:0 Paxtakor (Toshkent)
2016 yil. Nasaf (Qarshi) 1:0 Paxtakor (Toshkent)