Superligada ishtirok etish uchun to`lanadigan badal pullari xususida

Yurtimizda yangi futbol mavsumi start olishiga ham borgan sayin oz muddat qolmoqda.

Professional futbol ligasi O`zbekiston professional futbol klublari uchun 2019 yilgi mavsum musobaqalari reglamenti qayta to`ldirilgan loyihasini tayyorladi va tanishib chiqib, o`z mulohazalarini bildirish uchun klublarga taqdim etdi. Mazkur reglamentda yangi mavsumda o`tkaziladigan musobaqalar, ularning reglamenti va ularda ishtirok etish shartlari to`g`risida batafsil ma`lumot berilgan.

Qayd etish joizki, yurtimizdagi futbolni yoritib boruvchi ayrim nashrlarda PFL tomonidan klublarga tanishib chiqish uchun taqdim etilgan mazkur reglamentdagi o`zgarishlar haqida xabarlar e`lon qildi. Xususan, Superliga va PRO-ligada badal pullari oshirilgani to`g`risida xabarlar e`lon qilindi.

Shu o`rinda alohida ta`kidlash joizki, Superligada qatnashish uchun badal puli (futzal va ayollar jamoalari inobatga olinmaganda) 2018 yilda ham 500 000 000 so`m edi. Futzal va ayollar jamoalari uchun mos ravishda 50 000 000 so`mdan badal puli to`langan. Umumiy hisobda jamoalar 600 000 000 so`m badal puli to`lashgan.

Sekin-asta klublar harajatlarini kamaytirish, ularga engillik qilishga harakat qilayotgan Professional futbol ligasi 2019 yil uchun badal pullari miqdorini aslo oshirgani yo`q. Badal puli 2019 yilgi mavsumda ham barcha jamoalar (ayollar va futzal jamoalarini ham inobatga olganda) 600 000 000 so`mni tashkil etadi.

Ta`kidlash lozimki, shu paytga qadar jamoalar o`yinni o`tkazish uchun tashrif buyuradigan hakam, nazoratchi hamda uchrashuv komissarlari safar va oziq-ovqat harajatlarini qoplab kelishgan. Professional futbol ligasi endilikda klublarni bunday sarf-harajatlardan soqit etib boradi. Jumladan, 2019 yildan boshlab hakam, nazoratchi va uchrashuv komissarlarining barcha harajatlari (safar, oziq-ovqat) klublar emas, balki PFL tomonidan qoplanadi. 

Istardikki, OAV vakillari futbol ishqibozlariga qilinayotgan islohotlar, yangiliklar to`g`risida bor ma`lumotni to`g`ri talqin qilgan holda etkazishsin. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb