Muxlislar o`rtasida tanlov: O`zbek klublari uchun ramz, timsol, shior yoki madhiya ishlab chiqing va sevimli jamoangiz formasiga ega bo`ling!

O`zbekiston Professional Futbol Ligasi o`z oldiga qo`ygan asosiy vazifalardan biri – muxlislarga manzur bo`ladigan tomoshabop va qiziqarli, raqobatga boy chempionat tashkil etish hamda bu orqali stadionlarga ishqibozlar tashrifini ko`paytirishdan iborat sanaladi.

Ortda qolgan 2018 yilda ham stadionlarga yanada ko`proq tomoshabin jalb etish, ishqibozlarning milliy futbolimiz va chempionatimizga bo`lgan qiziqishini oshirish maqsadida qator tadbirlar amalga oshirildi. Natijada 2017 yilgi mavsum bilan solishtirganda 2018 yilgi mavsumda milliy chempionatimizning har bir o`yiniga tashrif buyuradigan muxlislar o`rtacha soni deyarli 2 baravarga oshdi (o`rtacha har bir uchrashuvga kelgan muxlis soni: 2017 yilda 4386 nafar tomoshabin; 2018 yilda esa 8050 nafar tomoshabin).

Professional Futbol Ligasi mazkur tashabbusni 2019 yilda ham davom ettiradi. Yangi mavsumda ichki chempionatimizga bo`lgan qiziqishni yanda orttirish va stadionlarga imkon qadar ko`proq ishqibozlar kelishini ta`minlash maqsadida amalga oshiriladigan loyihalar rejasi ishlab chiqildi.

Ortda qolgan mavsumda talab qilingan, ammo ijrosi ayrim klublar tomonidan paysalga solingan klub ramzi (maskot) va madhiyasini ishlab chiqish masalasi ham yangi – 2019 yildan e`tiboran majburiy bo`ladi. Endilikda har bir klub (agar klub ramzi yoki madhiyasi mavjud bo`lmasa) klub nomi, joylashgan shahri, klubning asosiy ranglari, unga muxlislik qiladigan auditoriyadan kelib chiqqan holda o`z ramzi hamda madhiyasini ishlab chiqishi lozim bo`ladi. Bu orqali Superliga-2019 o`yinlari mobaynida o`yindan oldin, tanaffus vaqtida va uchrashuvdan so`ng stadionda klubning o`z madhiyasi yangrashi ta`minlanadi. Zero har bir jamoaning o`z ramzi va madhiyasiga ega bo`lishi – ushbu jamoani qo`llab-quvvatlovchi muxlislarni yanada jipslashtirishi jahon tajribasidan ma`lum.

Shu o`rinda qayd etish joizki, klublarning ramzi, timsoli, shiori yoki madhiyasi mavjud bo`lishi – bu o`sha klubning o`z ishqibozlariga chin ma`noda yaqinroq bo`lishini ham anglatadi. Biroq klublarimiz marketing, muxlislar bilan ishlash borasida o`zlari turli tashabbuslar qilishi, yangi g`oyalar bilan zamonaviy loyihalar amalga oshirishi kamdan-kam kuzatilmoqda.

Shu sababdan Professional Futbol Ligasi ushbu mas`uliyatni o`z zimmasiga olgan holda yurtimizdagi muxlislar o`rtasida tanlov e`lon qiladi. Tanlov shartiga ko`ra, siz o`zingiz muxlislik qiladigan o`zbek klublari uchun ramz, timsol (maskot yoki talisman) ishlab chiqing, shior yoki madhiya o`ylab toping va uni PFL elektron pochtasi (info@pfl.uz)ga yuboring. PFL barcha yuborilgan shior, ramz, timsollarni o`z sayti va ijtimoiy tarmoqlarida e`lon qilib boradi va yakunda eng yaxshilarni taqdirlash bilan bir qatorda, chiroyli, sifatli va ma`noli chiqqan ramz, shior, madhiyalar bevosita klublarga tavsiya etiladi. 

Aslida ayrim klublarimizda ramz yoki madhiyalar mavjud. Lekin ko`pincha jamoalarni faqat “lochinlar”, “sherlar”, “burgutlar” yoki “temiryo`lchilar” deya atash bilangina cheklaniladi. Bizning chempionatimiz uchrashuvlari ham xuddi bayramdek o`tishi uchun jamoalar o`z timsollariga ega bo`lishi, o`sha maskot o`yin davomida stadionda o`tirgan muxlislarni yanada ruxlantira olishini ko`zlagan holda ushbu tanlov o`tkazilmoqda.

Chempionatni har tomonlama rivojlantirish maqsad qilingan ekan, o`yin atrofidagi bunday jabhalar ham e`tibordan chetda qolmasligi lozim. Jahon tajribasida yaxshi samara bergan bunday loyihalarni amalga oshirishdan aslo cho`chimaslik joiz.

Siz ham o`z g`oyalaringizni taqdim eting va milliy futbolimizda yangi yo`nalish rivojlanishiga o`z xissangizni qo`shing! 

 

 

Sizdan biz nimalar kutyapmiz: Quyida jahonning aksariyat klublari timsol, ramz yoki shiorlaridan na`munalar keltirib o`tamiz:  

Siz ham shunday ramz yoki timsollar ishlab chiqa olasizmi, sizda ham shior (hayqiriq, krichalka) yoki madhiya uchun g`oyalar bormi?! Bizga taqdim eting va sevimli o`zbek klubingiz formasiga va PFL tomonidan taqdim etilgan boshqa sovg`alarga ega bo`ling! 

mib
uzcard
cola
apex
bmb