
Aziz Turg`unboev yozgi transfer oynasiga qadar diskvalifikatsiya qilindi
Bir vaqtning o`zida ikki klub bilan shartnoma imzolashda gumon qilinayotgan O`zbekiston milliy terma jamoasi a`zosi Aziz Turg`unboevning mojaroli ishi Futbolchilarning maqomi va o`tishi bo`yicha qo`mita tomonidan o`rganib chiqildi.
Ma`lum bo`lishicha, Turg`unboevning “Navbahor” futbolchisi sifatida PFL ro`yxatidan o`tkazilgan shartnomasi 2018 yilning 30 noyabr kuni o`z yakuniga etgan. U Futbolchilarning maqomi va o`tishi bo`yicha reglament bandlaridan kelib chiqib, shartnomasi yakuniga yarim yil vaqt qolganida boshqa klublar bilan muzokara o`tkazishi mumkin edi. Uning bu huquqidan “Paxtakor” futbol klubi unumli foydalanishga harakat qilgan hamda Aziz Turg`unboev bilan 2018 yilning 5 sentyabr kuni 2 yilga mo`ljallangan hamda 2019 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradigan shartnoma imzolagan.
Ishni o`rganish jarayonida ishtirok etgan “Navbahor” tomoni bu shartnomani mavhum qoldirishga harakat qildi. Biroq Aziz Turg`unboevning ko`rsatmasi hamda mavsum yakunlanganidan so`ng PFL bosh direktori nomiga yozgan arizasi orqali ma`lum bo`ladiki, “Navbahor” futbolchining Toshkent klubi bilan shartnomasi bor ekani haqida bilsa-da, 2018 yilning 29 noyabr kuni Turg`unboevni yangi shartnomaga qo`l qo`yishga undagan. Bunda “Navbahor” tomoni Turg`unboev bilan 30 noyabr kuni yakuniga etadigan shartnomani uzaytirmagan, balki futbolchiga yangi shartnoma imzolatgan. Qo`shimchasiga, Turg`unboev vaziyat silliq hal etilishiga ishontirilgan.
Mazkur ish jiddiy tus olishni boshlaganiga qaramay, dekabr oyi ekvatoriga kelib Turg`unboev “Paxtakor” bilan navbatdagi shartnomaga imzo chekkan. Oqibatda vaziyat butunlay izdan chiqqan. Bungacha PFL na “Paxtakor” va na “Navbahor” bilan tuzilgan shartnomalarni ro`yxatga olgan. Boisi, O`zbekistonda qishki transfer oynasi 17 dekabrga kelibgina ochilgan. Boz ustiga, 2019 yilgi mavsum uchun reglamentda jiddiy o`zgarishlar qilayotgan PFL yuqoridagi kabi holatlarning oldini olish maqsadida muhim yangilikka qo`l urgandi. Unga ko`ra, futbolchi va klub o`rtasida imzolanayotgan har qanday shartnoma roppa-rosa 1 oy ichida PFL ro`yxatidan o`tkazilmasa, tashkilot uning haqiqiyligini tan olmaydi. Mazkur qoida 2019 yilning 1 yanvar kunidan keyin taqdim etiladigan shartnomalar uchun taalluqlidir.
“Paxtakor” aynan 1 yanvar kuni Aziz Turg`unboev bilan tuzilgan shartnomani Osiyo Chempionlar ligasiga ro`yxatdan o`tkazish uchun olib keldi. Bu vaqt ichida “Navbahor” futbolchi bilan tuzilgan shartnomani taqdim etmadi. Namangan klubining Turg`unboev bilan tuzilgan shartnomasi O`FA komissiyasi mazkur ishni o`rganishni boshlaganidan keyingina ko`rsatildi. Vaholanki, “Navbahor” boshqa klub bilan shartnomasi bor bo`lgan futbolchini Qrimda tashkil etilgan yig`inga jalb qilgan. “Paxtakor” tomoni esa aynan shundan kelib chiqib PFLga shikoyat arizasi bilan chiqqan.
O`rganishlar natijasida Aziz Turg`unboevning ikki klub bilan shartnoma imzolagani aniqlandi. Bu esa Futbolchilarning maqomi va o`tishi bo`yicha reglamentning 5.43 bandiga ziddir. Shuningdek, Turg`unboev bir vaqtning o`zida PFL vakillariga ham ikki xil istagini bildirgan. Xususan, u 2018 yilning 3 dekabr kuni “Paxtakor”da o`ynashni istayotgani, biroq uning bu qaroriga “Navbahor” tomonidan bosim bo`layotgani haqida o`z qo`li bilan ariza yozib ketgan. 2019 yilning 1 yanvar kuni esa “Paxtakor” bilan tuzilgan 5 sentyabr sanasidagi shartnomani bekor qilishni so`rab ariza yozgan. Shu yilning 2 fevral kuni bo`lib o`tgan yig`ilishda esa bosim “Paxtakor” klubi vakillari tomonidan qilingani borasida ko`rsatma bergan.
Aziz Turg`unboevning milliy terma jamoa futbolchisi ekani, bunday mojaroli ishga birinchi bor aralashib qolayotgani hamda boshqa bir qator omillar hisobga olinib, futbolchiga nisbatan engilroq jazo tayinlandi. Endilikda u 2019 yilning 9 iyul sanasiga qadar futbolga aloqador barcha turdagi faoliyatdan diskvalifikatsiya qilinadi. Mazkur vaqt davomida Turg`unboev hech qanday klub bilan shartnoma imzolay olmaydi.
Mazkur masala o`zbekistonlik qolgan futbolchilar uchun ham saboq bo`lishi kerak. Bundan buyon yuqoridagi kabi holatlar jiddiy o`rganib chiqiladi va reglamentga zid ish qilganlar yanada jiddiyroq jazolarga tortiladi. Aziz Turg`unboev ishidagi qolgan detallar, klublarning bu mojarodagi ishtiroki va roli, ular tomonilan yo`l qo`yilgan xato va kamchiliklar yuzasidan komissiya o`z qarori quyida ma`lum qilinadi.
Murabbiy Ilhom Mo`minjonov 1 yilga futboldan chetlashtirildi
2018 yilning katta qismida “Navbahor” bosh murabbiyi sifatida ishlab kelgan Ilhom Mo`minjonov futbolga aloqador barcha turdagi faoliyatdan 1 yilga diskvalifikatsiya qilinadi. Bu haqdagi qaror Intizom va odob-ahloq qo`mitasi tomonidan qabul qilindi.
Qayd etish kerak, Turg`unboev mojarosini faqatgina Futbolchilarning maqomi va o`tishi bo`yicha komissiyagina hal qila olmasdi. Voqeaga aloqador bo`lgan barchaga odilona sanktsiyalar qo`llash uchun O`FA Intizom va odob-ahloq qo`mitasini ham ishga jalb qildi. Mazkur qo`mita Ilhom Mo`minjonov tomonidan yo`l qo`yilgan hamda kasb etikasiga to`g`ri kelmaydigan bir qator jarayonlarni aniqladi.
Jumladan, Mo`minjonov Aziz Turg`unboevni 2018 yilgi mavsumda ham “Navbahor” sharafini himoya qilishga ko`ndiradi. Biroq keyinchalik undan o`z manfaatlari yo`lida foydalana boshlaydi. Birlamchi, Mo`minjonov o`z shogirdini futbol agentlari bilan tanishtiradi. Ya`ni, Turg`unboev Mo`minjonovning tavsiyasiga ko`ra Aleksandr Mitrofanov boshchiligidagi agentlar bilan hamkorlik qila boshlaydi. Mitrofanov nomidan bitimni o`zbekistonlik Rustam Shoymardonov imzolaydi. Suhbat davomida Turg`unboev Mitrofanovni umuman tanimasligini, shartnomani Shoymardonov bilan tuzganligini aytdi. Mo`minjonov esa bu haqda Turg`unboevdan yaxshiroq ma`lumotga ega. Biroq asosiy detallarga kelganda, u ko`p narsadan bexabar ekanligini qayd etmoqda. Mazkur bitimdan Mo`minjonov moddiy manfaat ko`rganmi yoki yo`q degan savolga murabbiy rad javobini berdi.
Ikkinchidan, Mo`minjonov o`zi boshchilik qilayotgan “Navbahor” klubining chempionlik yo`lidagi printsipial raqibi bo`lgan “Paxtakor” qaramog`iga Turg`unboevni o`zi olib boradi. Bunda futbolchi bilan ko`p yillik emas, bir yillik shartnoma tuzilgani, endi esa futbolchi yangi jamoaga erkin agent sifatida yo`l olishi kabi masalalar yotibdi. Ya`ni, “Navbahor” o`z kashfiyotining ortidan hech qanday moliyaviy foyda ko`rmaydi. Mo`minjonov yuqoridagi kelishuvdan qandaydir manfaat ko`rgani borasidagi savolga ham rad javobini berdi. Biroq murabbiy o`zi uchun raqib bo`lgan klub manfaatlariga nima uchun xizmat qilib yurganini izohlay olmadi.
Uchinchidan, Mo`minjonov “Navbahor”da futbolchilar bilan aynan o`zi hisob-kitob qilgani aniqlandi. Murabbiyning asl vazifasi futbolchilarning sport formasi bilan ishlash bo`lsa-da, Mo`minjonov klubda hisobchi ham bo`lgan va homiylar tomonidan berilgan mablag`larni o`zi bilganicha taqsimlayvergan.
Etika qo`mitasining da`vosiga ko`ra, yuqoridagilarning barchasi odob-ahloq normalariga to`g`ri kelmaydi. O`zi pul topayotgan klub manfaatlariga xizmat qilish o`rniga, uning ichida turib boshqa klub bilan oldi-beri qilishni afzal ko`radigan murabbiy vaqtinchalik bo`lsa-da futboldan chetda yurgani ma`qul deb topildi va Mo`minjonov 1 yilga futboldan diskvalifikatsiya qilindi.
Shamshod Sarikov va Ja`far Irismetov 6 oyga diskvalifikatsiya qilindi
Mamlakat futbolini rivojlantirish yo`lida “Paxtakor” va “Navbahor” rahbariyati katta hajmdagi ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, “Paxtakor” investorlari va Namangan viloyati hokimining xizmatlarini alohida e`tirof etish kerak. Biroq ularning ishonchida bo`lsa-da, aslida reglamentda belgilab qo`yilgan talablarni pisand qilmaydigan, ulardan yaxshi xabardor bo`lmasligi oqibatida, o`z klublari sha`niga putur etkazadigan kadrlar ham uchrab turibdi. Yuqoridagi ikki qo`mita o`zaro kelishib, mana shunday kadrlarning uch nafarini 6 oyga futboldan chetlashtirdi.
“Paxtakor” sport direktori Ja`far Irismetov o`zi faoliyat olib borayotgan klub Aziz Turg`unboevning transferi masalasi yuzasidan “Navbahor”ga rasmiy chiqish qilmagan bo`lsa-da, futbolchining o`zi, jamoa murabbiyi Ilhom Mo`minjonov hamda futbol agentlari bilan bemalol ish olib boravergan. Ya`ni, Turg`unboevning “Navbahor” bilan shartnomasi yakuniga 6 oydan ko`proq vaqt bo`lsa-da, Irismetov reglamentga zid ravishda klubni rasmiy ogohlantirmay, u bilan aloqaga chiqavergan. Suhbat davomida Irismetov buni o`zi tan oldi.
Shuningdek, Irismetov “Navbahor” bilan ikkinchi shartnomaga qo`l qo`ymaslik, bu reglamentning buzilishi bo`lishi haqida Turg`unboevni to`g`ri ogohlantirgan. Biroq sport direktori sifatida o`zi yuqoridagi xatoga yo`l qo`ygan, shuningdek, “Paxtakor” tarkibiga kelib qo`shilmasa, futbolchini 2 yil futboldan chetlashtirib yuborish bilan qo`rqitgan. Vaholanki, bu ishni u O`FA orqali hal qilishi mumkin edi. Futbolchiga bo`lgan bosim esa ortiqcha.
“Navbahor” vitse-prezidenti Shamshod Sarikov esa Turg`unboev ishini silliq qilib yuborish borasidagi puch yong`oq bilan futbolchining qo`ynini to`ldirib, uni ikkinchi shartnomaga undagan hamda unga qo`l qo`ydirgan. Shuningdek, PFL ro`yxatdan o`tkazgan boshqa klub futbolchisini hech kimni ogohlantirmay, Qrim yig`iniga olib ketgan. Reglamentni yuqoridagi kabi masalalari unga tushuntirilganda, Sarikov ulardan bexabarligi, boshqa narsadan umid qilgani, boshqacha o`ylagani kabi vajlarni keltirdi. Shundan kelib chiqib, O`FA Sarikovga ham futbol borasidagi bilimlarini oshirib olish uchun imkoniyat berishga qaror qildi va uni ham Irismetov kabi 6 oyga futbolda chetlatdi. Qo`shimchasiga, futbol haqida etarlicha tasavvurga ega bo`lmagan, o`z vazifasiga noloyiq deb topilgan “Navbahor” bosh direktori Rasul Akromov ham futboldan 6 oy “dam oladi”. U mazkur masalalarni o`z nazoratiga olmagani, reglament haqida tasavvuri yo`qligini tan olib o`tdi.
Bu ikki tarafning o`yinlari sabab huquqiy savodi etarlicha bo`lmagan bir futbolchi aziyat chekdi. Shuning uchun ham faqatgina Turg`unboevning diskvalifikatsiya bo`lib ketishi adolatdan bo`lmasdi. “Paxtakor” va “Navbahor” rahbariyati o`z sport direktoriga, vitse-prezidentiga ishonib ish ko`rgan va voqeaning barcha tafsilotlaridan boxabar bo`lmagan. Yuqoridagilarni inobatga olib, Aziz Turg`unboev bilan tuzilgan har qanday shartnomalar o`z kuchini yo`qotgan deb topiladi. Ya`ni, 9 iyulga qadar Turg`unboev hech bir klub bilan aloqaga chiqmaydi, ammo shu sanadan e`tiboran erkin agentga aylanadi. Turg`unboev bilan kelishish vaqtida hozir bo`lgan, biroq uning boshiga ish tushgan vaqtda himoya uchun kelmagan futbol agentlari bilan hamkorlik davom etishi yoki etmasligini uning o`zi hal qiladi. O`FA esa o`zbekistonlik futbolchilarni bu kabi ishlarda shoshilmaslikka va o`ylab qaror chiqarishga chaqiradi.
Xulosa
PFL ayni vaqtda reglament masalasida katta o`zgarishlarni amalga oshirdi. Bundan buyon shartnomalar, futbolchi va murabbiylarning etika masalalari jiddiy nazoratda bo`ladi va har kim qilmishi uchun javob beradi. Futboldan chetlashtirilgan shaxslar bilan aloqaga o`rnatgan, ulardan futbolga oid ishlarda foydalangan har qanday tarafni jiddiy sanktsiyalar kutadi. Shuningdek, futbolga aralashgani aniqlansa, yuqoridagi shaxslar bundan ham og`irroq sanktsiyalarga duchor bo`ladi.
O`FA “Paxtakor” va “Navbahor” futbol klublarini yuqoridagi kabi masalalarga jiddiy e`tiborda bo`lishga chaqiradi. Keyingi safar klublar katta jarimalarga tortilishi yoki futbolchilarni ro`yxatdan o`tkazish huquqidan mahrum qilinishi mumkin. Yuqoridagi qarorlar ikki qo`mita a`zolari tomonidan belgilangan tartibda qabul qilindi.
Manba: www.ufa.uz