Professional futbol ligasi 2019 yilgi mavsum uchun klublarni litsenziyalash talablariga jiddiy e`tibor qaratadi. Bunda tashkilot birinchi navbatda klublarning futbolchi va murabbiylar bilan tuziladigan shartnomalariga o`z e`tiborini qaratadi.
Yillar davomida ayrim klublar bosh murabbiyni iste`foga chiqarsa, uning ortidan bir qator futbolchilar ham jamoani tark etib kelgan. Klublar futbolchilar bilan shartnomalar masalasiga jiddiy e`tibor qaratmagan. Ayrim holatlarda futbolchilar klubdan o`z haqlarini ola bilmagan, ba`zida esa aksincha, futbolchilar o`zboshimchalik bilan klublarni tark etgan. Shu yilning o`zida PFL bu kabi yuzdan ziyod mojaroli vaziyatlarni o`rganib chiqishga majbur bo`ldi.
2019 yildan bu kabi ishlarga barham beriladi. Shartnomalar tuzishda murabbiy ta`sir kuchiga ega bo`lishi mumkin, biroq uning bekor bo`lishi, o`zgarishi, moliyaviy tomonlari yoki murabbiyning chekiga tushmaydigan boshqa bandlariga ular aralashmaydi, murabbiylar o`z funktsiyalari uchun javob beradi. Shu maqsadda PFL davlat korxonalari, hokimliklar va davlat ulushi bo`lgan kompaniyalar tomonidan moliyalashtiriladigan futbol klublariga FIFA talablari asosida ishlab chiqilgan bir xil ko`rinishdagi shartnomalar tarqatadi. Klublarning futbolchi va murabbiylar bilan tuzilayotgan shartnomalari qanchaga mo`ljal qilingani borasidagi ma`lumotlar barcha uchun ochiq bo`ladi. Shartnomalarning buzilish holatlari PFL tomonidan jiddiy nazorat qilinadi.
Undan avval esa PFL klublari uchun mazkur masala yuzasidan seminar o`tkaziladi. Ma`lumki, har yili yangi qoidalar, nizomlar amaliyotga tadbiq etilmoqda. Zamonaviy futbolning o`sishi bilan birgalikda, uning atrofidagi yuridik jihatlar ham mos ravishda ildamlamoqda.
Professional klublar hamda futbolchilar o`rtasida tuzilgan mehnat shartnomalari har doim ham futbol qoidalari va normativlariga to`la javob beravermasligidan kelib chiqib, mavjud muammolarni bartaraf etish, o`zbek futbolida yuridik talab-qoidalarning ustuvorligini ta`minlash, huquqiy bazaning ishlashiga erishish maqsadida O`FA tomonidan 18 noyabr kuni maxsus seminar tashkil etiladi.
Seminarda Superliga va Pro-liga klublarining sport direktorlari, litsenziyalashtirish bo`yicha menejerlar ishtirok etib, sohadagi so`nggi yangiliklar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo`lishadi. O`FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov topshirig`i bilan tashkilotning xavfsizlik masalalari bo`yicha bo`limi mutaxassislari San`at Sharipov bilan birgalikda sentyabr oyida Moskvada bo`lib, yuqoridagi masala bo`yicha bir qator uchrashuvlar o`tkazgandi. 18 noyabr kungi seminarda endilikda Rossiya futbol ittifoqining huquqiy masalalar bo`yicha mas`ul shaxslari ma`ruza o`qiydi. Bu orqali mutaxassislarda seminar mavzu va mohiyatini tushunishda til borasida muammo bo`lmaydi.