Professional futbol ligasi ishchi guruhi va yangi tashkil etilgan Klublarni litsenziyalash bo`limi 2019 yilgi mavsum rejalarini tuzib chiqishda davom etmoqda. Ayni vaqtda 2019 yilgi mavsum uchun Superliga va Pro-liga klublariga qanday talablar qo`yilishi deyarli aniq bo`lgan. Mazkur masala O`FA Ijroqo`mi tomonidan tasdiqlanganidan so`ng futbol jamoatchiligi uchun e`lon qilinadi.
Unga qadar esa PFL rasmiy sayti 2019 yil uchun amalda bo`ladigan ayrim bandlarni e`lon qilib boradi. Ulardan biri kelasi mavsumdan boshlab Superliga klubida bosh murabbiy sifatida faoliyat olib boradigan mutaxassisdan “Pro” litsenziyasining talab qilinishidir.
O`FA qoshidagi murabbiylar malakasini oshirish vazifasi bilan shug`ullanuvchi bo`lim “Pro” litsenziyasi uchun navbatdagi kursni shu yilning noyabr oyida boshlashni rejalashtirgan. Ayni vaqtda mazkur bo`lim mutaxassislari aniq sana borasida OFK tasdig`ini kutmoqda.
Klublarni litsenziyalash bo`limi “Pro” litsenziyasi kursida tahsil olayotgan murabbiylarga 2019 yilgi mavsum uchun shartli ravishda Superliga klubini boshqarishga ruxsat beradi. 2020 yildan boshlab yuqorida qayd etilgan tizimga to`liq o`tiladi. Demak, 2019 va 2020 yillar davomida O`zbekiston Superligasida faoliyat olib borish niyatida bo`lgan murabbiylar harakatni hozirdanoq boshlashi kerak bo`ladi.
Bunga qadar esa PFL mahalliy mutaxassislar uchun talabni “A”, xorijiy mutaxassislar uchun esa “Pro” qilib belgilagandi. Qolgan jamoalar murabbiylari uchun talablar qanday bo`lishi keyinroq rasman ma`lum qilinadi.
Ma`lumot uchun, ayni vaqtda Superliga klublarini boshqarayotgan quyidagi murabbiylarda “Pro” litsenziyasi yo`q: Ro`ziqul Berdiev (“Nasaf”), Ulug`bek Baqoev (“Buxoro”), Hamid Aktamov (“Qizilqum”), No``mon Hasanov (“Qo`qon-1912”), Bahrom Haydarov (“Neftchi”). Shuningdek, Superligaga yo`l olish uchun nazariy imkoniyati bo`lgan klublardan “Andijon”, “Surxon”, “Istiqlol”, “Dinamo” kabi klublar bosh murabbiylarida ham “Pro” litsenziyasi mavjud emas.