Shu kunlarda OAVda Championat.asia sayti bilan bog`liq holat yuzasidan bir qator xabarlar, maqolalar chop etilmoqda. Ularda, asosan O`zPFLning ushbu sayt xodimlari akkreditatsiyalari asossiz tarzda bekor qilganini, bu holat demokratik jamiyatga yarashmaydigan holat deya ta`kidlangan.
O`zPFL bu holatga o`z munosabatini bildirar ekan, Championat.asia sayti xodimlarining akkreditatsiyalari bekor qilinishi avvalo, OAV vakillarini akkreditatsiyalash haqidagi nizom asosida, undagi ba`zi bandlarning buzilishi tufayli shunday qaror qilinganini ta`kidlaydi. Qolaversa, O`zbekiston Respublikasi OAV to`g`risidagi qonunchilikda ham OAV vakillarining o`zini tutishi, amaldagi qonunchilik va har qanday tashkilotning tartib va qoidalariga bo`ysunishi shartligi belgilangan.
Demokratik jamiyatda avvalo, amaldagi qonunchilikka bo`ysuniladi. Qolaversa, har qanday tashkilotning ushbu qonunchilik asosidagi tartib-qoidalariga amal qilish ham, har bir OAV uchun shartlidir.
O`zbekiston Professional Futbol Ligasi bugunga kelib, 30dan ortiq OAV bilan hamkorlik qilishini va tashkilot bugun boshqa OAVdan ham hamkorlik uchun zayavkalar kelib tushganini ma`lum qiladi. Biz bilan hamkorlik qilishni istagan OAV bilan tashkilot hamkorlik yaratishga va ularga har qanday sharoit yaratishga tayyor.
Shuni ta`kidlash kerakki, tashkilot Championat.asia sayti xodimlari akkreditatsiyalarini bekor qilishda, aynan amaldagi qonunchilik asosida, qolaversa, OAV vakillarini O`zbekiston chempionati va kubogi uchrashuvlari uchun akkreditatsiyadan o`tkazish haqidagi O`FA nizomiga ko`ra ish tutganini ta`kidlaydi. Jumladan, 28 oktyabr kuni “La Liga va PFL! Sizga qaysi davrdagi PFL qiziqroq edi?” nomli ushbu saytda chop etilgan maqolada bir qator asossiz va faktlarsiz yolg`on ma`lumotlar berilgan. Masalan, “Millat kubogi deyarli hech qaerda ajiotaj olib kelmadi. PFL va O`FAning rasmiy saytlari bor e`tiborni Luis Garsiyaga qaratdi”. – deyiladi. Bu ma`lumot yolg`on, boisi PFL rasmiy sayti Farg`onadagi final haqida final kuni ham, undan oldingi kunlarda ham batafsil yoritib bordi. Finaldan oldingi anons, final uchrashuvi tafsilotlari, fotogalereya va intervyular yoritildi.
“Stadionga muxlis chaqirish haqida 1 kun qolganda esga tushdi”, - bu ham yolg`on ma`lumot va O`zPFL muxlislar bilan ishlash boshqarmasi xodimlari finalga 4 kun qolganda Farg`onaga etib borishgan va chiptalarni muxlislarga tarqatgan. O`zPFL ushbu so`zlarni yolg`on va sayt ushbu ma`lumot bilan xodimlar mehnatini qadrsizlantirgan deb baholaydi.
“Jahon Kubogining va La Liga kubogining nusxalari Toshkentga kelganidek”, - bu ham noto`g`ri hamda asossiz ma`lumot. Har ikkala kubok ham asl nusxa va buni har ikkala tashkilot ham bemalol tasdiqlaydi.
Bunday misollar ko`p va tashkilot ularning har biriga javob bermaydi. Zero, ushbu sayt chop etayotgan ko`plab maqolalarda faktsiz hamda asossiz ma`lumotlar etarli, tashkilot esa ularni O`zPFL imijiga ta`sir ko`rsatishga qaratilgan harakat deb baholaydi.
Ta`kidlash joiz, O`zPFL tomonidan OAV vakillarini akkreditatsiyalash jarayoni shaffof va ochiq tarzda tashkil etiladi. Akkreditatsiyaga zayavka bergan har bir OAV dastlab, O`zPFL tomonidan o`tkaziladigan tadbirlar uchun OAV vakillarini akkreditatsiyadan o`tkazish tartibi bilan tanishib chiqishadi. Ushbu tartib esa, O`zbekiston Respublikasining OAV to`g`risidagi amaldagi qonunlari asosida, tegishli tartib-qoidalar kiritgan holda ishlab chiqqan.
Shu asosda, OAV vakillarini akkreditatsiyadan o`tkazish tartibidagi 12-modda, 4-bandidagi holatlar buzilgani asosida, O`zPFL Championat.asia sayti xodimlari akkreditatsiyalarini bekor qilishga qaror qildi.
Shuningdek, Championat.asia sayti xodimlarining akkreditatsiyalari olib qo`yilganligi ularning faoliyatiga hech qanday ta`sir ko`rsatmasligi, ular bemalol futbol uchrashuvlarini batafsil yoritishlari mumkinligini ma`lum qilamiz. Akkreditatsiyalarning bekor qilinishi, sayt xodimlarining OAV uchun ajratilgan xududlarda faoliyat yuritishini cheklaydi xolos. Sayt vakillari uchun axborot olish huquqini hech kim cheklab qo`ygani yo`q. Bunga tashkilotning haqqi yo`q, bunga O`zbekistonda faoliyat olib borayotgan hech bir tashkilot, hech bir organning qonuniy ham ma`naviy haqqi yo`q. Shunday ekan, avvalo cheklov bilan taqiqning farqini anglash darkordir. Championat.asia sayti xodimlarining akkreditatsiyalari ma`lum vaqt o`tib, ularning faoliyati, OAVdagi chiqishlari asosida qaytarib beriladi.
Yana ta`kidlaymiz, asosli tanqidlarga tashkilot qarshilik bildirmaydi. Asossiz, faktsiz keltirilgan axbortlar uchun esa, har qanday tashkilot singari huquq va imkoniyatlarini ishga solib kurashadi.