Championat.asia nashri xodimlarining akkreditatsiyalari bekor qilindi

30.10.2018

Championat.asia nashri xodimlarining akkreditatsiyalari bekor qilindi

2018 yil – o`zbek futboli tarixida islohotlar, yangiliklar yili sifatida tarixda qolmoqda. Yil avvalidan buyon milliy chempionatimiz saviyasini ko`tarish, O`zbekiston chempionatiga bo`lgan qiziqishni oshirish, klublar va umuman, o`zbek futboli infratuzilmasini yaxshilash maqsadida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, milliy chempionatimiz Superligaga o`zgartirildi. Tarixda ilk marta O`zbekiston chempionati – titul homiyga ega bo`ldi va chempionat PEPSI Superligasi deya nom oldi. Ilgargidan farqli o`laroq, joriy yildan e`tiboran deyarli barcha o`yinlar TV orqali namoyish etilmoqda. Stadionlarda muxlislar uchun ko`plab qulayliklar yaratildi. O`yin tashkilotchiligi masalasida oldinga qadam tashlandi.

Barcha islohotlar ham bir zumda emas, balki sekin-asta o`z samarasini berishi barchaga ma`lum. Shunday bir davrda butun o`zbek futboli jamoatchilgi birlashib, milliy futbolimizni ko`tarishga urinayotgan paytda chempionat o`yinlarini yoritib kelayotgan nashrlardan biri – championat.asia sayti ayrim nohaqliklarga yo`l qo`yib, jamoatchilikning fikrini salbiy tomonga og`ishiga sabab bo`lmoqda.

Tarqatayotgan ma`lumotning haqqoniyligiga to`la ishonchi hosil qilib o`tirmasdan, faqat to`liq asosga ega faktlarni taqdim etish va umumjoriy normalarga, jurnalistik etikaga rioya qilish o`rniga mazkur saytning bir qator vakillari o`z maqolalarida O`zPFL, uning xodimlari va o`tkazilayotgan tadbirlar ishtirokchilarining haq-huquqlari, qarashlari va kasbiy obro`sini behurmat qilayotgani ko`pchilikning dilini xira qilmoqda. 

Professional futbol ligasi milliy chempionatimiz va kubok uchrashuvlarini yoritib boradigan barcha OAV ishini xurmat qilgani boisdan championat.asia saytining davomiy maqola va turli ijtimoiy tarmoqlardagi noo`rin chiqishlariga munosabat bildirmay kelayotgan edi. Lekin ushbu nashr vakillari chegaradan chiqishda davom etaverganliklari sabab O`zPFL mazkur sayt xodimlarining O`zbekiston chempionati va kubogini bevosita voqea joyidan yoritib borish imkonini beradigan akkreditatsiyalarini bekor qilishga qaror qildi. 

O`zPFL tomonidan o`tkaziladigan tadbirlarda OAV xodimlarini akkreditatsiyadan o`tkazish tartibiga ko`ra, Akkreditatsiyadan o`tgan OAV va ularning vakillarining huquq va majburiyatlariga quyidagilar kiradi

O`zPFL, uning xodimlari va O`tkazilayotgan Tadbir ishtirokchilarining haq-huquqlari, qarashlari va kasbiy obro`sini hurmat qilish;

Tarqatayotgan ma`lumotning haqqoniyligiga to`la ishonchi hosil qilish, faqat to`liq asosga ega faktlarni taqdim etishi, faktlarga asoslanmagan, yolg`on ma`lumotlarni tarqatmaslik, umumjoriy normalarga, jurnalistik etikaga rioya qilish, negativ xarakterga ega ma`lumotlarni tarqatmaslik, O`zPFL, O`zPFL vakillari va Tadbir ishtirokchilarini asossiz va isbotsiz tanqid qilmaslik;  

Tadbir yoritilayotganda Tadbirning rasmiy nomini taqdim etish. 

Shu asnoda akkreditatsiyadan mahrum qilish, mazkur Qoidalar va O`zbekiston Respublikasi qonunchiligidan kelib chiqqan holda, tegishli OAVga ham, OAVning alohida xodimiga nisbatan ham qo`llanilishi mumkin. 

OAV xodimi, u chop etgan ma`lumotlar, syujetlar va boshqa axboriy hujjatlarda O`zPFL faoliyati, Tadbirlar haqida noto`g`ri va buzib ko`rsatilgan ma`lumotlar chop etilgan taqdirda, boshqa holatlarda esa mazkur Qoidalar va Tadbir o`tkazilayotgan joydagi ahloq va tartib-intizom qoidalariga rioya qilmaganida akkreditatsiyadan mahrum qilinishi mumkin.

OAV, unda bir necha bor O`zPFL faoliyati, Tadbirlar to`g`risida noto`g`ri va buzib ko`rsatilgan ma`lumotlar, syujetlar va boshqa axboriy hujjatlar chop etilgan taqdirda akkreditatsiyadan mahrum etilishi ko`rsatib o`tilgan.

Yuqoridagi sabablarni inobatga olgan holda Professional futbol ligasi championat.asia nashri xodimlarining akkreditatsiyalarini bekor qildi.  

O`zbekiston Professional futbol ligasi barcha turdagi nashrlarning ish faoliyatini qadrlaydi va ularning o`zbek futboli rivoji yo`lidagi tashabbuslarini qo`llab-quvvatlaydi. Jumladan, sports.uz, stadion.uz, uff.uz, daryo.uz, kun.uz saytlari, UzReport TV va Sport TV telekanallari, “Interfutbol”, “Futbol Ekspress” gazetalari, Turon 24 axborot agentligi va boshqa ko`plab nashrlar futbol muxlislariga xolis ma`lumot etkazishda davom etishmoqda. Buning uchun ularga minnatdorchilik bildiramiz va milliy futbolimiz rivoji yo`lida o`z tanlagan yo`lidan og`ishmay, ishqibozlarimizni asosli va foydali reportaj va maqolalar bilan xushnud etib borishlari tarafdori ekanligimizni ma`lum qilamiz. 

cola
apex
mib
mib
mib
mib