Ispaniyaning sobiq futbol yulduzlaridan biri, hozirda La Liga elchisi hisoblangan Luis Garsiya bugun O`zbekistonga tashrif buyurgani haqida avvalroq xabar bergan edik. O`zPFL va La Liga o`rtasidagi o`zaro tuzilgan hamkorlik shartnomasi asosida bugun “Milliy “stadionda La Liga elchisi yosh futbolchilarga master klass o`tkazadi. Tadbirning yana bir asosiy qismida esa, “Milliy” stadionida bugun soat 18:30dan boshlab El Klassiko bahsi ommaviy namoyishi boshlanadi.
Ushbu tadbirlar avvalida esa, La Liga elchisi bugun Milliy stadionida OAV vakillari hamda mehmonlar bilan uchrashdi.
“O`zbekistonga tashrif buyurganimdan xursandman. La Liga elchisi sifatida juda ajoyib tashkil etilishi kutilayotgan tadbirlarda ishtirok etaman. O`ylaymanki, ushbu tadbir La Liga hamda PFL hamkorligidagi ilk tadbir emas. Bu ikki mamlakat futbolining kelajakdagi hamkorligi uchun yaxshi poydevordir”, - dedi Garsiya.
Shuningdek, martabali mehmon O`zbekistonga tashrif buyurganidan judayam xursand ekanligini va futbol muxlislarini bugungi El Klassiko namoyishini tomosha qilishga undadi: “Bugun meni kutib olishga chiqqan insonlarni, futbol muxlislarini ko`rdim va judayam xursandman. Ajoyib mehmondorchilik va e`tibor uchun raxmat. Bugun barchangizni shu ajoyib stadionda kutaman. Bugungi ajoyib bahsni birgalikda tomosha qilish uchun keldim”, deydi Garsiya.