Ispaniya La ligasi chempioniga beriladigan kubok 28 oktyabr kuni Toshkentga olib kelinadi

23.10.2018

Ispaniya La ligasi chempioniga beriladigan kubok 28 oktyabr kuni Toshkentga olib kelinadi

O`zbekiston Professional Futbol Ligasi Ispaniya La ligasining Osiyo miqiyosidagi eng yaqin hamkor ligasiga aylanib bormoqda. 

O`zaro hamkorlik to`g`risida imzolangan memorandumga asosan har ikki tomon ko`plab loyiha, tadbir hamda o`rtoqlik uchrashuvlari, mahorat darslari o`tkazishga kelishib olishgan. Shu asnoda 28 oktyabr kuni yaqin o`tmishning mashxur hujumkor yarim himoyachilaridan biri, “Barselona”, “Atletiko Madrid”, “Liverpul” va Ispaniya terma jamoasi safida ko`rsatgan mazmunli o`yinlari bilan muxlislar olqishiga sazovor bo`lgan futbolchi, endilikdagi La liga elchisi – Luis Garsiya Toshkentga tashrif buyurishi hamda o`zbekistonlik yosh “charm to`p” ustalariga mahorat darslari o`tib berishi haqida oldinroq ma`lum qilgan edik.

Luis Garsiya 28 oktyabr kuni “Milliy” stadionda tashkil etiladigan “Ommaviy El-Klassiko” tadbirida ishtirok etadi. La liga hamda PFL tomonidan ilk bora yurtimizda o`tkazilayotgan mazkur voqelikni yuqori saviyada tashkil qilishga katta tayyorgarlik olib borilmoqda.

Katta shou-kontserti, yulduzlar ishtirokidagi sovg`alar ulashish marosimi, ulkan ekranlardagi “El-Klassiko” tomoshasi bilan bir qatorda shu kuni “Milliy” stadionga tashrif buyuradigan muxlislar Ispaniya La ligasi chempioniga topshiriladigan maxsus kubokni yaqindan ko`rish hamda suratga tushish imkoniyatiga ega bo`lishadi. 

Ispaniya La ligasi joriy mavsumdan boshlab mamlakat chempioniga ko`rinishi va dizaynini butkul o`zgargan yangicha kubokni topshirishni boshlaydi va quvonarli jihati shundaki, mavsum yakunida Ispaniya chempioniga taqdim etiladigan yangi kubokni o`zbekistonlik futbol ishqibozlari dunyo bo`yicha birinchilardan bo`lib ko`rish imkoniga ega bo`lishadi.

28 oktyabr kuni “Milliy” stadionda La liga elchisi –  Luis Garsiya hamda O`zbekiston Professional Futbol Ligasi elchisi – maftunkor Shahzoda ishtirokida o`tkaziladigan “Ommaviy El-Klassiko” tadbirida muxlislarni yana boshqa ko`plab syurprizlar kutadi. Tadbirning eng muhim qismida barcha birgalikda katta ekranlarda “Barselona” – “Real” uchrashuvini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo`ladi.

Barcha futbol ishqibozlarini 28 oktyabr kuni “Milliy” stadioniga chorlaymiz. Kirish chiptalarini “Milliy” stadion kassalaridan harid qilish mumkin bo`ladi. 

“Milliy” stadionga keling va ajoyib futbol atmosferasidan bahramand bo`ling!

cola
apex
mib
mib
mib
mib