O`zbekiston Professional futbol ligasi kelasi yildan boshlab o`zining Musobaqalarni boshqarish bo`yicha markazlashgan elektron tizimini yo`lga qo`yadi.
Ayni paytda yakuniy sinov jarayonidan o`tkazilayotgan mazkur elektron tizim PFL bayrog`i ostida tashkil etiladigan turli musobaqalar uchrashuvlarini o`tkazish bo`yicha va ularda ishtirok etadigan klublar uchun bir qator qulaylik hamda engilliklar yaratadi.
Jumladan, endi klublar mavsum boshida futbolchilarini chempionat uchrashuvlarida maydonga tushish uchun ro`yxatdan o`tkazish maqsadida avvalgidek turli-tuman qog`ozlar va hujjatlar to`ldirib o`tirishi zarur bo`lmaydi. Ya`ni, klublar kerakli hujjatlar formalarini elektron tizimga joylashtirishadi va PFL binosiga kelmasdanoq o`z futbolchi va murabbiylarini “zayavka”dan o`tkazish imkoniyatiga ega bo`lishadi. Bu orqali ilgari talab qilingan bir qator ortiqcha qog`oz va hujjatlardan voz kechishga erishiladi.
Qolaversa, Musobaqalarni boshqarish bo`yicha markazlashgan elektron tizimda futbolchilarning ma`lumotlar ombori yaratiladi. Bu esa har qanday futbolchining ma`lumotlari uning juda yosh paytidanoq PFLning elektron tizimiga kiritilishini ta`minlaydi. Yosh futbolchi ulg`aygani sari uning ma`lumotlari, o`ynagan jamoalari, musobaqalari, maydonga tushgan uchrashuvlari va gollari haqida batafsil ma`lumot to`planib boradi. Bu orqali futbolchilarning yosh kichraytirish masalasiga chek qo`yilishi ko`zda tutilgan. Zero 6 yoshidan boshlab qachondir PFL Musobaqalarni boshqarish bo`yicha markazlashgan elektron tizimiga ma`lumoti kiritilgan futbolchi keyinchalik aslo boshqa nom yoki yoshni ko`rsata olmaydi.
Musobaqalarni boshqarish bo`yicha markazlashgan elektron tizim, shuningdek, milliy chempionatlarimiz uchrashuvlari qaydnomalarini elektron shaklda yagona manbada saqlash vazifasini ham o`tab beradi. Bunda futbolchilarning uchrashuvlar davomida oladigan sariq yoki qizil kartochkalari avtomatik ravishda hisoblab boriladi va mabodo qaysidir futbolchi keyingi uchrashuvni o`tkazib yuborishi lozim bo`lsa, bu haqdagi ma`lumot elektron tizimda ro`yxatdan o`tgan uning klubi hamda o`sha uchrashuv komissariga shu zaxotiyoq borib tushadi.
Musobaqalarni boshqarish bo`yicha markazlashgan elektron tizim PFL tomonidan o`tkaziladigan barcha musobaqalar sarhisobini yuritish, unda qatnashadigan barcha o`yinchilar, murabbiylar, rasmiy shaxslar bo`yicha to`liq ma`lumotlar to`plab borishda ancha qulayliklar va afzalliklarga ega.
Kelasi mavsumdan klublar bosqichma-bosqich mazkur tizimda elektron tarzda ro`yxatdan o`tishadi.