2018 yil – o`zbek futboli uchun ulkan islohotlar yili sifatida futbolimiz tarixidan o`rin olmoqda.
Zero joriy yilgi mavsum boshidan milliy chempionatimiz saviyasini oshirish, klublarning infratuzilmasini yaxshilash, chempionat o`tkazilish tartibini o`zgartirish orqali uning qiziqarli va tomoshabop ko`rinish olishini ta`minlash hamda muxlislarning stadionga tashrifini ko`paytirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirila boshlandi. O`yinlarning o`tkazilishi borasidagi tashkiliy masalalar, chempionat uchrashuvlarining TV orqali keng hajmda namoyish etilishi borasida oldinga ulkan qadamlar tashlandi.
Ayniqsa, oldingi yillardan farqli ravishda ishqibozlarning Superliga uchrashuvlarini bevosita stadionning o`zidan tomosha qilishga bo`lgan qiziqishini orttirish maqsadida stadionlarimizda turli o`yinoldi tadbirlar, kontsert dasturlari, turli lotoreyalar o`tkazilishi yo`lga qo`yildi. Stadionlarda oilaviy sektorlar tashkil etildi. Ramazon oyida bepul iftorliklar uyushtirildi. Bundan tashqari uchrashuvlarning muxlislar uchun qulay vaqtda bo`lib o`tishini ta`minlash maqsadida – o`yinlar soat 18:00dan so`ng o`tkazila boshlandi.
Bularning barchasi – Professional Futbol Ligasi o`z oldiga qo`ygan eng ulkan maqsadlardan biri – xalqimizning milliy futbolimizga, ichki chempionatimizga bo`lgan qiziqishini orttirish maqsadida amalga oshirib kelinmoqda.
Endilikda PFL yurtimizga kuz fasli kirib kelib, havoning soviy boshlagani va o`yinlarning odatdagidek kech soat 19:00 yoki 20:00da start olishi muxlislar uchun noqulaylik keltirib chiqarishini inobatga olgan holda Superliganing hamda kubok bahslari o`yinlarini biroz ertaroq vaqtda o`tkazishga qaror qildi. O`yinlarning ertaroq start olishi ishqibozlarning salqin havoda kech tushmasdan o`z sevimli jamoalari o`yinini bevosita stadiondan kuzatishlariga imkon yaratib berish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Aziz futbolimiz jamoatchiligi vakillari, so`nggi vaqtlarda milliy futbolimiz saviyasini va dovrug`ini ko`tarish maqsadida O`FA hamda PFL tomonidan ko`plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Hozir qilinayotgan islohotlar yaqin yillarda albatta o`z “meva”sini beradi. Agar OAV, mutaxassis-u muxlislar – barcha bir maqsad yo`lida birlasha olsak va bir-birmizni qo`llab-quvvatlasak, albatta yaqin vaqt ichida ko`zlangan maqsadlarga erisha olamiz.
Ilgari ma`lum qilganimizdek, muxlislar tomonidan beriladigan takliflar ham o`rganib chiqilmoqda. Ular o`zlarining fikr-mulohazalari yozilgan maktublarni bemalol info@pfl.uz pochta manziliga jo`natishlari mumkin. Milliy chempionatimiz saviyasini oshirish yo`lida Professional Futbol Ligasi ishqibozlarimiz talab va istaklarini ham albatta inobatga oladi.