O`zbekiston delegatsiyasi Madriddagi Butunjahon futbol sammitida ishtirok etmoqda

24.09.2018

O`zbekiston delegatsiyasi Madriddagi Butunjahon futbol sammitida ishtirok etmoqda

Ispaniyaning Madrid shahri 24-25 sentyabr kunlari Butunjahon futbol sammitiga mezbonlik qilmoqda. Butun Jahonning eng kuchli klublari, futbol ligalari, Xalqaro federatsiyalar va assotsiatsiyalar, dunyoga mashhur OAV hamda kompaniyalarning 3000 dan ziyod vakillari ishtirok etayotgan ushbu sammit Madridning eng mashhur “Goyya forum” teatrida o`tkazilmoqda.

Butunjahon futbol sammiti joriy yil hisobidan uchinchisidir. Sammitda O`zbekiston professional futbol ligasi Bosh direktori Omon G`ofurov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda. Butunjahon futbol sammiti direktori Marian Otamendi va La liga rahbariyati Markaziy Osiyodan faqatgina O`zbekiston delegatsiyasini ushbu yig`ilishga taklif etgani diqqatga sazovor. 

O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse Prezidenti Umid Ahmadjonovning O`zbekistonda futbolni rivojlantirish strategiyasiga binoan delegatsiyaning o`zbekistonlik vakillariga dunyoning futboli rivojlangan uyushmalari hamda ligalari bilan yaqindan hamkorlik o`rnatish hamda ulardan tajriba o`rganish vazifasi qo`yilgan. 

Bugun sammitning birinchi kunida yig`ilishni Butunjahon futbol sammiti direktori Marian Otamendi ochib berdi. Shundan so`ng minbarga rejaga asosan birin-ketin obro`li, futbol dunyosida o`z o`rniga ega insonlar taklif etila boshlandi.

Xususan yig`ilishda “Yuventus” futbol klubi hamda Evropa klublari assotsiatsiyasi prezidenti Andrea Anelli so`zga chiqib, futbol jamoatchiligining diqqatini futboljdagi globallashuv jarayoniga qaratdi. 

Sammitda futbol elitasini tashkil etuvchi assotsiatsiyalar va ligalardan tashqari, jahonda etakchi bo`lgan Microsoft, London Exchange, Facebook kompaniyalarining vakillari ham ishtirok etishmoqda.

Sammit doirasida O`zbekiston delegatsiyasi dunyoning rivojlangan futbol uyushmalari va tashkilotlari bilan marketing, futbol akademiyalari, La liga sport dasturlari, OAV va muxlislar bilan ishlash hamda futbol rivojiga oid boshqa masalalar yuzasidan muzokaralar o`tkazadi.

cola
apex
mib
mib
mib
mib