PFLda muxlislar bilan ishlash va stadionlarga ishqibozlar tashrifini oshirish bo`yicha yig`ilish bo`lib o`tdi

20.09.2018

PFLda muxlislar bilan ishlash va stadionlarga ishqibozlar tashrifini oshirish bo`yicha yig`ilish bo`lib o`tdi

Professional futbol ligasi joriy yilgi mavsum avvalida stadionlarga muxlislarni jalb etish, ishqibozlarga imkon qadar ko`proq qulayliklar yaratish maqsadida bir qator yangiliklarga qo`l urdi.

Jumladan, barcha stadionlarda klub atributlari, sport kiyimlari, ichimliklar va eguliklar sotuvi yo`lga qo`yildi. Ramazon kunlarida farz amallarini bajarish uchun muxlislarga sharoitlar yaratildi. Jahon chempionati vaqtida ichki chempionatda tanaffus e`lon qilindi. Uchrashuvlar ish vaqtida emas, balki biroz kechroq start olmoqda. Futbol uchrashuvlari oldidan turli kontsert dasturlari, ko`ngilochar tadbirlar o`tkazilishi tadbiq etildi.

Biroq mavsum avvalida bu borada barcha klublar faollik ko`rsatgan bo`lsa, hozirda ba`zi klublar muxlislar bilan ishlash, ishqibozlarni stadionga ko`proq jalb etish borasida talab darajasida faoliyat olib borishmayapti.

Shu sababdan bugun Professional futbol ligasida Superliga klublari marketing hamda muxlislar bilan ishlash bo`limi hodimlari ishtirokida yig`ilish bo`lib o`tdi. Unda stadionlarga muxlislar tashrifini oshirish, buning uchun marketing bo`limi faoliyatini yaxshilash, fan-klublar faoliyatini yanada takomillashtirish va samarli tarzda yo`lga qo`yish kabi masalalar muhokama qilindi.

Mavsumning dastlabki qismida amalga oshirilgan ishlardan xulosalar qilinarkan, aksariyat klublarning muxlislar bilan ishlashda to`liq samaradorlikka erisha olmayotgani qayd etildi. Klublar vakillari ham o`zlarini qiynayotgan jihatlar, oldinda qanday rejalar borligi haqida taklif va mulohazalarini bildirishdi.

Shuningdek, muxlislar bilan ishlash bo`limi faoliyatini yaxshilash xususida ham so`z bordi. Zero stadionda atmosferani belgilab berishda fan-klublarining ham o`rni katta. Fan-klublar faolligini oshirish, fan-klubga ko`proq a`zolar jalb etish bo`yicha topshiriqlar berildi. Yana har bir jamoaning fan-klubi o`z madhiyasini yaratish ustida ish boshlashi lozimligi ta`kidlandi.

Qolaversa, klublar muxlislar bilan ishlash bo`limlarining jamoa ishqibozlari bilan ko`proq uchrashuvlar tashkil etib turishi zarurligi belgilab berildi. Zero ayrim uchrashuvlarda muxlislarning maydon tomon turli buyumlarni uloqtirayotgan holatlari ham afsuski uchrab turibdi. Bunday xunuk hatti-harakatlar amalga oshirilmasligi uchun muxlislar bilan ishlash bo`limi tez-tez jamoa ishqibozlari bilan turli uchrashuv va suhbatlar uyushtirib turishi lozim bo`ladi. 

Yig`ilish davomida ushbu mavzularda barcha klublar vakillarining taklif va istaklari tinglandi. Bundan buyon barcha – PFL, klub, klub marketing va muxlislar bilan ishlash bo`limlari o`zaro hamjihatlik asosida faoliyat yuritishga kelishib olindi. Zero barchamizning maqsadimiz bir – yurtimizda futbol rivojiga xissa qo`shish, stadionlarga muxlislar tashrifini oshirish hamda O`zbekistonda maqtanishga arzigulik muxlislik madaniyatini yo`lga qo`yishdan iboratdir. 

cola
apex
mib
mib
mib
mib