Professional futbol ligasi murabbiylar va ularning litsenziyasi masalasiga ham jiddiy e`tibor qaratadi. AGMK klubida bo`lgan PFL ishchi guruhi reglamentga zid bo`lgan ba`zi holatlarga duch keldi. Avvallari litsenziyasi bo`lgan murabbiylarga ishlash uchun shartli ravishda ruxsat berilavergan. Endi esa bunday ish ketmaydi.
Jumladan, ayollar futbol klubida faoliyat olib borayotgan Ilhom Hanjariev (A) hamda Davron Rasuljonovning (S) ishlari joyida. Biroq Alina Demyanenko, Nodira Yo`ldosheva hamda Mardona Almatova tayyorlov kurslariga endigina hujjat topshirgan. Ular birinchi navbatda litsenziyalash talablarini bajarishi kerak bo`ladi.
Asosiy tarkibda faoliyat olib borayotgan Baxtiyor Ashurmatov (Pro), Zohid Nurmatov (A) va A`zam Sherg`oziev (A) masalasiga e`tiroz yo`q. Baxtiyor Qambaraliev (S) masalasi esa muammoli. Unda kamida B litsenziyasi bo`lishi shart. Anton Mayeranovda esa hech qanday litsenziya yo`q, u esa ishlashda davom etyapti.
Yoshlar tarkibida Ruslan Gamadeev S litsenziyasiga ega. Mazkur mutaxassis B litsenziyasiga ega bo`lmagunicha ishlashga haqli emas. Futbol maktabi direktori Suyun Murtazoevda B litsenziyasi bor. Ammo unutmaslik kerakki, PFL klublardan o`z akademiyasi bo`lishini talab qiladi. Akademiyaga boshchilik qilish uchun esa mutaxassisda kamida A litsenziyasi bo`lishi shart.
AGMK futbol maktabida mehnat qilayotgan Umid Dadaboev, Tal`at Abibullaev, Zafar Naziraliev, Bobur Saydazov kabilar ham litsenziyaga ega emas. Futbol maktabidan iqtidorli futbolchilar etishib chiqishi potentsiali qanday degan savolga mazkur holat yaxshi javob bo`lishi mumkin.
Professional futbol ligasi mazkur mutaxassislarni va shu bilan birgalikda AGMK klubini rasman ogohlantiradi. 2019 yilgi mavsum boshlanmay turib yuqoridagi muammolar yuzasidan ish olib borilishi shart. Yo`qsa, AGMK futbol klubining mamlakat Superligasida ishtirok etishi masalasi so`roq ostida qolishi mumkin. Qayd etish kerak, O`FA rahbariyati murabbiylarni o`qitish masalasida bir qator o`zgarishlarni amalga oshirgan. Bu boradagi savollarga tashkilot javob berishga tayyor.