Professional futbol ligasi futbol uchrashuvlarida sog`lom raqobat bo`lishidan manfaatdor. Jamoalarning o`zaro kelishuvi, hakamlarning u yoki bu jamoaga yon bosishi, futbolga totalizatorning aralashishi oqlab bo`ladigan jihat emas. Bunday holatlar aniqlangan taqdirda, uning ishtirokchilari nafaqat futboldan chetlashtiriladi, balki ularga qonuniy jazo tayinlanishi uchun ish tegishli organlarga ham taqdim etiladi.
O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi bunday holatlarga qarshi kurashish maqsadida bo`lim tashkil qilgan. Uning xodimlari yuqoridagi kabi masalalar yuzasidan ish olib bormoqda. Shunga qaramay, hakamlik masalasida va boshqa mavzular yuzasidan qator e`tirozlar doimiy ravishda kelib turadi.
Umuman olganda, bu normal holat. Hakamlikda inson faktori yotadi, ular ham xato qiladi. Xatolar qasddan bo`lmagani holida referilarni oqlash mumkin. Biroq ularning qarorida qandaydir manfaat yotgani aniqlansa, o`sha hakam futbolga qaytib yaqinlashtirilmaydi.
Ayni vaqtda O`FA rahbariyati futboldagi illatlarga qarshi quruq kurashibgina qolmay, ularning oldini olish yuzasidan ham choralar ko`rmoqda. Professional futbol ligasi ishchi guruhi alohida baza ishlab chiqayotgan bo`lib, 2019 yildan boshlab Superliga, Pro-Liga, 2-liga, bolalar futbol maktablari, futbol akademiyalari tarbiyalanuvchilari unga bosqichma-bosqich kiritib boriladi. Bazada futbolchilar, murabbiylar, hakamlarga tegishli barcha ma`lumotlar bo`ladi. Shu tariqa O`FA hamda PFL futbolchilarni maktab davridan buyon nazorat qilib boradi. Ularda yoshni kichiklashtirish yoki boshqa turdagi illatlar bo`lmasligida mazkur baza muhim o`rin tutadi. Futbolchining maktabga qachon qabul qilingani, futbol saboqlarini o`rganishni kimdan boshlagani, keyinchalik qaysi klublarda va qanday to`p surgani borasidagi ma`lumotlar sekin-astalik bilan kiritib chiqiladi.
Hakamlik masalasidagi muammolarga qarshi ham quruq gap-so`z bilan kurashishning o`zi kamlik qiladi. FIFA bu masala yuzasidan yillar davomida izlanish olib, VAR tizimini yaqindagina sinovdan o`tkazganini hamma ko`rdi. Angliya Premer-ligasi esa bir necha yillardan buyon golni aniqlaydigan texnologiyalardan foydalanib keladi.
O`zbekiston futboli ham yaqin kelajakda mana shunday texnologiyalarni o`ziga singdiradi. Hozircha esa birinchi o`rinda futbol maydonlarini yaxshilash, akademiyalar tashkil qilish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, futbolning yagona bazasini yaratish, klublar saviyasini hamda infratuzilmasini yaxshilash kabi qator masalalar turibdi. Ya`ni, yuqoridagi qimmat texnologiyalar kirib kelguniga qadar amalga oshirish kerak bo`lgan ishlar talaygina.
Professional futbol ligasi millionlar o`yini muxlislarini qadrlaydi. Joriy yilning o`zida stadionlarda ichimliklar va eguliklar sotilishi, Ramazon kunlarida farz amallarini bajarish uchun sharoitlar, Jahon chempionati vaqtida ichki chempionatda tanaffus bo`lishi, uchrashuvlarning ish vaqtida start olmasligi, futbol uchrashuvlari oldidan kontsert dasturlari, ko`ngilochish uchun maydonlar kabi masalalar amalga oshdi. PFL bular bilan to`xtab qolmaydi. Boisi, muxlislarsiz futbol o`z jozibasini yo`qotadi, futbol muxlislar uchun o`ynalmasa, unga shuncha mablag` ajratishdan ma`ni yo`q.
Shu o`rinda biz futbol muxlislaridan ham sabr va toqatni so`raymiz. Hakamlik, futbol klublaridagi, stadionlardagi muammolar sekin-asta bartaraf etib boriladi. Yuqorida aytilganidek, kimnidir quruq ayblash bilan ish bitmaydi. Zamonaviy texnologiyalarning futbolga kirib kelishi har qanday aybni fakt bilan ko`rsatib berilishiga sabab bo`ladi, shuningdek, kasbi og`ir bo`lgan hakamlar ishini ham engillashtiradi. Buning uchun esa moddiy-texnik baza talab darajasida bo`lishi shart.
Muxlislar tomonidan beriladigan takliflar albatta o`rganib chiqiladi. Ular o`zlarining fikr-mulohazalari yozilgan maktublarni bemalol info@pfl.uz pochta manziliga jo`natishlari mumkin. Umid qilamizki, futbol uchrashuvlari vaqtida muxlislar o`zini yaxshi tomondan tutadi. Maydonga turli buyumlarning uloqtirilishi ko`ngilsiz voqealarga sabab bo`ladi, tarbiyali odam bunday ishga yo`l qo`ymaydi. Uchib kelayotgan qandaydir jism stadionga qadamlari endigina boshlangan sizning farzandingizga tegishi, uni zararlashi mumkin ekanini doim yodda saqlashingizdan umidvormiz.
Sizga cheksiz hurmat bilan Professional futbol ligasi rahbariyati.