Professional futbol ligasining ishchi guruhi 15 sentyabr kuni AGMK klubida bo`ldi. Jamoaning Pepsi Superligasi doirasidagi “Neftchi”ga qarshi o`yini oldidan AGMKning 2019 yilgi mavsumga tayyorgarligi ko`zdan kechirildi.
Bungacha PFL “Metallurg” jamoasiga qarashli “Yoshlik” sport majmuasi ta`mirga muhtoj ekani borasida xabar bergandi. Klub rahbariyati hamda homiy tashkilot kuzatuv xulosalarini bugun — 17 sentyabr kuni rasmiy xat shaklida qabul qilib oladi. “Metallurg” 2019 yilgi mavsum boshlanmay turib, o`zida mavjud bo`lgan kamchiliklarni bartaraf etishi shart.
AGMK klubiga tegishli futzal majmuasi esa PFL talablariga to`la javob beradi. Jamoa futzalchilari klublar o`rtasidagi Osiyo chempionatida O`zbekiston sharafini himoya qilishdan tashqari, ayni vaqtda ham ichki chempionatda karvonboshi bo`lib turibdi. AGMK stadioni qoshida barpo etilgan futzal majmuasi qolgan jamoalar uchun na`muna bo`lishi kerak. Bu erda futzalchilar, murabbiylar, muxlislar hamda televidenie translyatsiyasi uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan.
Professional futbol ligasi 2019 yilgi mavsumdan boshlab futzal bo`yicha O`zbekiston chempionatida bir qator o`zgarishlarni amalga oshiradi. AGMK zali bunda uchrashuvlarni o`tkazish uchun asosiy maydonlardan biri bo`lib xizmat qiladi.