“Metallurg” futbol klubidagi eng asosiy masala futbol akademiyasi bilan bog`liq. Klub rahbariyatining PFL ishchi guruhiga ma`lum qilishicha, ayni vaqtda Bekobod shahridagi 3 ta mavze akademiya qurilishi uchun taklif sifatida kiritilgan.
Taklif ijrosi PFL tomonidan nazorat qilib boriladi. Oktyabr oyida “Metallurg” futbol klubi o`z akademiyasi aynan qaysi mavzeda qurilishi borasida xabar berishi kerak bo`ladi. Shuningdek, 2019 yilgi klub smetasida akademiya harajatlari aniq ko`rsatib qo`yiladi.
Ayni vaqtda “Metallurg”da 10 ta yosh toifasida mashg`ulotlar olib borayotgan futbol maktabi mavjud. Maktab tarbiyalanuvchilari formalar, to`plar, inventarlar bilan ta`minlangan. Futbol akademiyasida esa 7 yosh toifasi — 11 yoshdan 17 yoshgacha bo`lgan futbolchilar to`p surishi kerak. Akademiya tarbiyalanuvchilariga biriktirilgan murabbiylar hamda akademiya uchun javobgar shaxs qanday litsenziyaga ega bo`lishi borasidagi ma`lumot klub rahbariyatiga taqdim etildi.
Ma`lumki, futbol akademiyasini birdaniga bunyod etish qiyin masala. 2019 yilgi mavsumda o`z akademiyasiga ega bo`lgan klublar, mana shu akademiyani qanday moliyalashtirayotgani PFL va O`FA nazoratida bo`ladi. O`z akademiyasi yo`q bo`lgan klublar esa shuncha mablag`ni akademiya qurish uchun yo`naltiradi.