HAFTA VOQEALARI: G`uzor stadionida kelin salom, Qarshida opa-singillar “jangi” yohud jahon chempionati ishtirokchisining “sohildagi sarguzashtlari”

10.09.2018

HAFTA VOQEALARI: G`uzor stadionida kelin salom, Qarshida opa-singillar “jangi” yohud jahon chempionati ishtirokchisining “sohildagi sarguzashtlari”

 

 

Yil, oy emas, haftaning o`zida qanchadan-qancha muhim voqealar yuz bermaydi deysiz. Misol uchun, ortda qolgan haftada butun dunyo ahlining e`tibori Qarshi shahrida bo`lib o`tgan maqom forumiga qaratildi.  Barcha orziqib kutgan, turli el, xalqlarni bir nuqtaga to`plagan yilning muhim madaniy tadbiri – Xalqaro maqom san`ati anjumanining tantanali ochilish marosimini deyarli butun dunyo tomosha qildi.    Ushbu anjumanda 73 davlatdan 300 dan ziyod ishtirokchilar va mehmonlar qatnashayotgani maqom san`atiga bo`lgan qiziqishning yuksakligini ko`rsatadi.

 

San`at va sport bir-biriga mushtarak soxa sifatida tilga olinadi. Shunday ekan, san`atda olamshumul voqealar yuz berayotgan ekan, sportda, jumladan futbolda ham o`ziga xos voqea-xodisalarga guvoh bo`ldik. Tilga oladigan so`zlarimiz bir qarashda, jo`n, e`tibor qaratish shart bo`lmagan mavzu sifatida taassurot qoldirishi mumkin, ammo uning negizida shu qadar muhim qadriyatlar, urf-odatlar mujassamki, jiddiy mushohada qilgandagina uning mohiyati namoyon bo`ladi.

 

Stadionda kelin salom...

 

O`zbek futboli tarixida hali bunaqasi bo`lmagan. Kelinchak kelin bo`lib tushgan kundanoq shu oilaning vakillariga, yaqinlariga salom berishni kanda qilmaydi. Kunlar, oylar, haftalar, hatto hayit marosimi sababli yil o`tsada boshida do`ppi, egnida kelin libos bilan etti bukilib salom berish odatimizdan faxrlanamiz. Agar kelin sportchi, deylik futbolchi bo`lsa-chi? Futbolchi qizlarimizning   kelinlik libosini kiyishi, ona bo`lishi va ma`lum vaqt o`tgach oilasini deb futbolni tark etganlar ko`pchilikni tashkil etadi. Ammo shunday futbolchi qizimiz bor ekanki, bir haftalik kelin kuyovning ruxsati bilan maydonga tushishga, buni esa kelin salom bilan amalga oshirishga jazm eta oldi.  

Bu voqea G`uzor shahrida, ayollar futboli bo`yicha mamlakat chempionatining 19-tur o`yinlari doirasidagi  “Sho`rtan” va “Qizilqum”  uchrashuvi chog`ida ro`y berdi. O`zbek futboli tarixida ilk bor maydonda, ikki jamoa o`yini oldidan shu o`yinda maydonga tushishi lozim bo`lgan futbolchi boshida milliy kiyim - do`ppi va ro`mol bilan to`y marosimi kuylari ostida avval o`z jamoadoshlariga, keyin hakam va mehmon jamoa a`zolariga, so`ng tribunada o`tirgan tomoshabinlarga, oxirida esa o`z murabbiylari va klubi xodimlariga kelin salomini amalga oshirdi. Uldona To`xtaevaning turmushga chiqqaniga bir hafta bo`ldi. 29 avgust kuni ro`y bergan nikoh to`yi kuni uning jamoasi safarda to`p surishlariga qaramay, mamlakatimizning ko`pkarra chempioni “Andijanka” jamoasini mag`lubiyatga uchratib, ushbu yutuqni aynan kelin-kuyovga bag`ishlagan va shu o`yin tufayli futbolchi qizlar dugonalarining baxt oqshomida ishtirok eta olishmagandi. Dugonalar nomidan klub rahbarlari o`sha oqshomda Uldonaga baxt-saodat tilashgandi. Bir haftalik kelin maydonga tushishni istadi, buni esa kuyov bola Shahbozbek ham qo`llab-quvvatladi. Uldona esa maydonga tushishdan oldin o`zbek urf-odatlariga rioya qilishni lozim topdi va yuqoridagi voqeaga sabab bo`ldi. Bir bo`lim to`zliq maydonda harakat qilgan Uldona jamoadoshlarining dastlabki goliga hammualliflik qildi, bir gal esa penaltini aniq bajara olmadi ham.

Erkaklar o`rtasida bunday voqealarga guvoh bo`lgan onlarimiz yo`q emas. “Paxtakor” va milliy terma jamoamizning sobiq o`yinchisi Shuhrat Maqsudovning nikoh marosimini aynan “Paxtakor” stadionida, maydon markazida o`tkazganida unga tan bergan edik, mana, ayollarimiz ham har qanday sharoitda o`zbekona urf-odatlarimizni kanda qilmasliklarini isbotlamoqdalar.

 

 

 

Opa-singillar “jangi”...

 

Chempionatning 20-turida, “Sevinch” – “Qizilqum” uchrashuvida ham G`uzordagidan kam bo`lmagan voqes sodir bo`ldi. “Sevinch” “Qizilqum”ni yirik hisobda engdi. O`yindan keyin “Qizilqum” jamoasi tarkibida 17-raqamda harakat qilgan Amina Shodieva “Sevinch” ahzosi, 27-raqamda to`p surgan opasi Laylo Shodievaning oldiga kelib uni g`alaba bilan tabrikladi. Aslida oddiy voqea. Futbolda aka-uka yohud opa-singillar kammi deyishingiz mumkin. Lekin bu opa-singillar, umuman, bu oila boshqalardan keskin farq qiladi. Nimasi bilan deysizmi, unda eshiting. Ilhom aka va Vasila opalar oilasida etti farzand dunyoga kelgan. Ilhom aka asli g`allakor, lalmi erlarda g`alla va tarvuz-qovun etishtiradi – fermer. Lekin uning qonida sportga qiziqish bor. Asli Qashqadaryoning Chiroqchisidan bo`lsa-da, Jizzax, Olmaliq, Samarqand, Toshkent hududlaridagi yirik uloq va ko`pkari tadbirlarida ishtirok etib, qator sovrinlarni qo`lga kiritgan, “Ilhom polvon” deya nom qozongan.  O`zi chavandoz bo`lsa-da, boksni juda sevadi. Paytini poylab Muhammadqodir Abdullaev bilan ham do`stlashib olgan.  “O`g`il ko`rsam ismini Muhammadqodir qo`yaman, sizga shogirdlikka beraman”, deya mashhur bokschi bilan kelishib ham qo`ygan. Biroq xudoyim ketma-ket qiz farzand beraverdi. To`ng`ich qizi Shahrizodani sport bilan shug`ullantirishga xo`p urindi, biroq unda sportga qiziqishni sezmadi, shunday bo`lsada, ulg`aygach Shahrizoda Chiroqchidagi pedagogika kollejining jismoniy tarbiya fakultetini bitirdi, yaqinda turmushga chiqishga tayyorgarlik ko`ryapti. Ikkinchi qizi tug`ilganda esa “o`g`il bo`lmasa qiz-da”, deya unga yaxshi niyatlar bilan mashhur ayol bokschi Laylo Alining ismini qo`ydi. Biroz ulg`aygach Chiroqchidagi BO`SMning qo`l jangi to`garagiga olib bordi. Harqalay  qizining bilagida kuch paydo bo`ldi, boksning harakatlarini qilib yurgan edi. Bir kun qizining xovlidagi to`pni oyoq bilan shunday chiroyli tarzda tepganini ko`rib qoldi va uni etaklab, so`rab-surishtirib, ayollar futboliga katta e`tibor berayotgan “Sevinch” klubiga olib keldi. Bu paytda Layloning yoshi 11 da edi. Shu-shu bo`ldiyu, Ilhom aka orada ikki yillik tanaffuslar bilan birin-ketin tug`ilgan yana to`rt nafar qizini ham aynan “Sevinch”ga taqdim etdi.

Laylo allaqachon “Sevinch”ning asosiy tarkib o`yinchisiga aylangan.  Amina ham “Sevinch”da kamol topdi, uning ikkinchi tarkibida Respublika birinchiligida o`ynab kelayotgandi, shu yilning ikkinchi davrasidan “Qizilqum”ga ijaraga berildi. Rayxona ayni paytda “Sevinch”ning tayyorlov guruhidi – Respublika birinchiligida qatnashuvchi “Sevinch-2” jamoasida to`p suryapti. 10 yoshli E`tiborxon ikkinchi yildirki klubning kichik guruhida mahoratini oshirmoqda. Oilada oltinchi qiz tug`ilganida Ilhom aka keyingisi o`g`il bo`lsin deya unga O`g`iloy deb ism qo`ydi. O`g`iloy ayni paytda sakkiz yoshdi, bir-ikki hafta ichida u ham “Sevinch”ning tayyorlov guruhiga qo`shilishga tayyorgarlik ko`ryapti. Va nihoyat, oilada ettinchi farzand tug`ildi, ettinchisi o`g`il bo`ldi. Ota esa ancha yillardan beri niyat qilib kelgan niyatiga etdi – o`g`liga Muhammadqodir deya ism qo`ydi, sobiq bokschi, ayni paytda esa Respublika boks federatsiyasida rahbar lavozimlarida ishlayotgan Muhammadqodir Abdullaevdan suyunchi olishga ham ulgurdi. Qizlari tufayli futbolga mehr qo`ygan Ilhom akaning esa boshi qotgan – yagona o`g`li o`zi orzu qilganidek bokschi bo`ladimi yoki opalari izidan borib futbol o`ynaydimi. Sababi, ota uydaligida o`g`il qo`liga boks qo`lqopini kiyib boks harakatlari bilan shug`ullanadi, ota ishga ketdimi, o`g`il ham qo`lqopini echib, stadionga chopadi, albatta, futbol o`ynashga-da...

 

 

Jahon chempionati ishtirokchisining “sohildagi sarguzashtlari”...

 

Bundan bir oy muqaddam Qarshi shahrida sohil futboli bo`yicha O`zbekiston Kubogi musobaqasi o`tkazilgan edi. O`shanda jamoadoshlariga nisbatan baquvvat, mushaklari to`lishgan, professional darvozabonlarga hos chaqqon harakatlari bilan   e`tiborimni tortgan futbolchiga yaqinlashdimu uning G`anisher Xolmurodov ekanligini darhol tanigan edim. Biroq uning “Adolat” nomli, Qashqadaryo viloyat milliy xavfsizlik xizmati xodimlaridan iborat jamoa sharafini himoya qilayotganidan taajjublangandim. Ma`lum bo`ldiki, u rostdan ham shu jamoaning rasmiy a`zosi, demak shu sohaning vakili edi.

O`shanda “Adolat” yarim finalda musobaqani tark etgandi. Biroz muddatdan keyin tashkil etilgan sohil futboli bo`yicha viloyat birinchiligida esa jamoa bosh sovrinni qo`lga kiritgandi. Mana, bu gal endi Respublika chempionligini ham qo`lga kiritishdi. Bunda albatta, jamoa posboni G`anisher Xolmurodovning ham hissasi katta.  2011 yili o`smirlar terma jamoamizning Meksikada o`tgan Jahon chempionatida chorak finalga qadar etib borib, dunyo futbol ommasining e`tiboriga tushgan davrni hali hech kim unutganicha yo`q. Terma jamoamiz darvozasini qo`riqlagan G`anisher Xolmurodovning mahorati va shijoatiga hamma tan bergandi o`shanda. Lekin ma`lum vaqt o`tgach, G`anisher futbol olamida ko`rinmay qoldi. Vaholanki, uning futboldagi kelajagiga ko`pchilik umid qilgandi, milliy termamizga voris etishib chiqayotganligidan mamnun edi. Jahon chempionatining chorak final ishtirokchisi, o`z tengqurlari orasida eng yaxshi darvozabon, deya tan olingan G`anisher “Mash`al”dan keyin ma`lum muddat “Metallurg”da o`ynadi, so`nggi jamoasi sifatida esa 1-liganing “Alanga” jamoasida to`p surdi va shu bilan futbolni tark etdi. Uning futboldagi orzusi katta edi, biroq “Mash`al” klubi bilan bog`liq ba`zi masalalar tufayli u boshqa klubga to`lig`icha o`ta olmadi, oxir-oqibat futboldan ko`ra boshqa sohani lozim topdi.

Mana, endi u boshqa sohaning chinakam xodimi bo`lish bilan birga sohil futbolining ham qahramoniga aylanmoqda...

 

 

Oybek YuNUSOV

cola
apex
mib
mib
mib
mib