Avval xabar berganimizdek, Qarshi shahridagi “Geolog” sport majmuasining qumli maydonida deyarli bir hafta davom etgan sohil futboli bo`yicha mamlakat chempionati nihoyasiga etdi.
2007 va 2012 yillar oralig`ida o`tkazilgan, ammo ma`lum sabablarga ko`ra o`z faoliyatini davom ettira olmagan sohil futboli bo`yicha Respublika chempionati bu yil, O`zbekiston futbol assotsiatsiyasidagi islohotlar natijasida yana qayta tiklandi. Yodingizda bo`lsa, bir oydan ziyodroq muddat avval aynan shu maydonda (Respublikamizda sohil futboli bo`yicha sharoitga ega bo`lgan maydon boshqa joyda yo`q-da) yuqori saviyada tashkil etilgan va unda Buxoroning “Kogon” shamoasi bosh sovrinni qo`lga kiritgan edi.
Bu galgi turnirda Kubokka nisbatan yanada ko`proq jamoalar ishtirok etdi. O`n to`rt jamoa qatnashgan musobaqada Qarshining “Adolat” jamoasi oltin medal sohibi bo`ldi.
Mamlakatimiz sohil futbolining uch karra chempioni, ikki bor Kubok sohibi “Kogon” bu gal Qarshi shahriga ikkinchi tarkibi bilan kelgani uchun chorak finaldayoq to`xtashga majbur bo`ldi. O`shanda ham raqiblarga osongina taslim bo`lmadi, bo`lajak chempionga qarshi kechgan bahsda atigi bitta gol natijasi bilan “Adolat” jamoasi yutib chiqdi.
Musobaqaning uchinchi o`rin uchun kechgan o`yinida Naimjon Usmonov ustozlik qilayotgan Jizzaxning “Olimpiya” jamoasi penaltilar evaziga g`alaba qozondi va bronza medai bilan taqdirlandi. Jizzaxliklar viloyat prokuraturasi xodimlaridan tuzilgan “Huquq” jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvda matonat namoyish etishdi va raqiblarini mag`lub etishning uddasidan chiqishdi.
Nihoyat, final. Viloyatning milliy xavfsizlik xizmati xodimlaridan tuzilgan jamoaga qarshi “Samarqand” jamoasi mardonavor “jang” olib bordi. “Samarqand” futbol va sohil futboli bo`yicha viloyat terma jamoasi hisoblanadi. Mazkur jamoa “Kogon” kabi sohil futbolining avvalgi mavsumlarida ham ishtirok etgan, biroq hech qachon sovrinni qo`lga kiritmagandi. Mana bu yil esa sal qolsa oltiniga sazovor bo`lardi.
Bosh sovrin sohibi “Adolat”ning chempion bo`lishi bejiz emas. Jamoa a`zolarining aksariyati bugun organ xodimi hisoblanish sada, yaqin o`tmishda chinakam futbolchi bo`lganlar. Aytaylik, Tohir Abdurazzoqov futzal bo`yicha Superliga vakili “Nasaf”ning a`zosi, Abbos Qurbonov, Arslon Sharonov viloyat birinchiligi vakili “Nuriston” jamoasi sharafini himoya qilgan, Farhod Jumaev esa sohil futboli bo`yicha mamlakat terma jamoasi tarkibida Jahon chempionati saralash o`yinlarida maydonga tushgan. Jamoa posboni G`anisher Xolmurodovni esa tanimagan futbol muxlisining o`zi bo`lmasa kerak. 2011 yili o`smirlar terma jamoamizning Meksikada o`tgan Jahon chempionatida chorak finalga qadar etib borib, dunyo futbol ommasining e`tiboriga tushgan davrni hali hech kim unutganicha yo`q. Terma jamoamiz darvozasini qo`riqlagan G`anisher Xolmurodovning mahorati va shijoatiga hamma tan bergandi o`shanda. Lekin ma`lum vaqt o`tgach, G`anisher futbol olamida ko`rinmay qoldi. Vaholanki, uning futboldagi kelajagiga ko`pchilik umid qilgandi, milliy termamizga voris etishib chiqayotganligidan mamnun edi.
Meksikada o`z guruhida AQSh (2:1), Chexiya (2:1) termalarini engib, faqat Yangi Zelandiyaga (1:4) imkoniyatni boy bersalarda, guruh g`olibi sifatida nimchorak finalga chiqishganligi, bu bosqichda Avstraliya termasini ha dog`da qoldira olganligi. chorak finalda esa yosh futbolchilarimizga urugvayliklar raqiblik qilishgani va o`yinda omad Urugvay termasiga nasib etganligini hech kim hali unutganicha yo`q. O`z vatanlariga qaytgan o`smirlarimiz izzat-ikrom bilan kutib olingan, har birlari avtomobil sovg`alari bilan taqdirlangan edi. Keyinchalik, “Mash`al” futboli tarbiyalanuvchisi Jahon chempionatidan keyin ham faoliyatini shu jamoada davom ettirdi. 2013 yilning ikkinchi davrasidan “Metallurg” klubiga ijaraga berildi, 2015 yilgi mavsumni esa mamlakat birinchiligi ishtirokchisi “Alanga” jamoasida o`tkazgach, harbiy xizmatga ketdi. Qaytdi, faqat futbolga emas, boshqa sohaga... Xullas, tarkibning yarmidan ko`pini sobiq futbolchilar tashkil etib turibdi.
Chempionatning finali qiziqarli kechdi va unda mezbonlar – “Adolat” jamoasi bosh sovringa egalik qildi. “Samarqand” va “Olimpiya” (Jizzax) jamoalari esa ikkinchi va uchinchi o`rinlarni egallashdi.
Uchrashuvlar natijalari:
3-o`rin uchun bahs:
“Olimpiya” (Jizzax) –“Huquq” (Toshkent) – 3:3. Pen.bo`y. 1:0.
Final:
“Adolat” – “”Samarqand” – 4:1.