Avval xabar berganimizdek, Qarshi shahridagi “Geolog” sport majmuasi hududidagi sohil futboliga mo`ljallangan qumli maydonda davom etayotgan O`zbekiston chempionatining chorak finalchilari nomi ma`lum bo`ldi.
O`zbekiston Kubogi musobaqasida chiroyli o`yin ko`rsata olgan, ammo sovrinli o`rinlardan joy ola bilmagan “Adolat” jamoasi guruhdagi so`nggi o`yinini ham ko`tarinki kayfiyatda o`tkazdi va “Mash`al” jamoasini yirik – 4:0 hisobida mag`lubiyatga uchratdi. Eng qiziqarli bahs esa ikki viloyat olimpiya zaxiralari kolleji vakillari o`rtasida kuzatildi. Jizzax va Qarshi olimpiya zaxiralari kollejlari o`rtasidagi o`yinda shijoatli yoshlar murabbiylarga “dars” berishdi. Ya`ni, qarshiliklar tarkibini kollejning murabbiylari tashkil etgan bo`lsa, jizzaxliklar asosan kollej tarbiyalanuvchilaribilan tashrif buyurgan edi. Shiddatli kechgan bahsda tajriba emas, yoshlik shijoati ustun keldi – 4:1, jizzaxliklar g`alaba qozonishdi. Turnir oldidan ko`pchilik bu gal ham bosh sovrinni O`zbekiston Kubogi sohibi “Kogon” jamoasi “ilib ketsa kerak”, deb o`ylashgandi. Ammo kogonliklar bu gal Qarshiga ikkinchi, asosan yoshlar tarkibi bilan etib kelishgandi. Bu esa ularning guruhda ikkinchi o`rin bilan kifoyalanishiga ta`sir ko`rsatdi. Kogonliklar endi chorak finalda bu galgi g`oliblik uchun asosiy da`vogar “Adolat” jamoasiga qarshi maydonga tushishadi...
5 centyabr kuni qayd etilgan natijalar:
“Kogon-2” – “Koson” – 0:3
“Samarqand” – “Oq oltin” – 3:1
“Adolat” – “Mash`al” – 4:0
“Binokor” – “Huquq” – 3:6
“Olimpiya” (Qarshi) – “Olimpiya” (Jizzax) – 1:4
Shu tariqa chorak final juftliklari quyidagicha ko`rinish oldi:
“Adolat” – “Kogon-2”
“Koson” – “Huquq”
“Olimpiya” (Jizzax) – “IBO`SM
“Samarqand” – “Olimpiya” (Qarshi).
Ayni paytda bahslar boshlangan.