PEPSI Superliga klublari futbolchilarining jismoniy holati O`zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi tomonidan tasdiqlangan test-sinovlari orqali nazorat qilib borilmoqda.
Ta`kidlash joizki, bu kabi test-sinovlari joriy yil avvalida o`zbek futbolida ilk marta amalga tadbiq etildi. Sinovlarning dastlabkisi o`tgan yilning dekabr oyida, so`ngra chempionat starti oldidan fevral oyida o`tkazilib, shu orqali milliy chempionatimiz klublari futbolchilarining jismoniy holati haqida umumiy xulosa qilingandi.
Mazkur test-sinovlari tizimini ishlab chiqib, futbolchilarning jismoniy holati yaxshilanib borishini nazorat qilayotgan O`zbekiston Futbol Assotsiatsiyasining Texnik rivojlantirish boshqarmasi ilmiy-metodik bo`limi belgilangan reja asosida yozda ham futbolchilarni normativ-testlaridan o`tkazgandi. Shu jarayonda normativlarni qoniqarsiz topshirgan bir qator futbolchilar shartli ravishda Superliga hamda Pro liga o`yinlarida maydonga tushib kelishdi.
Endi o`sha normativdan o`ta olmagan futbolchilar yakuniy testlarni topshirishadi. Normativlar O`zbekiston Futbol Assotsiatsiyasining Texnik rivojlantirish boshqarmasi mutaxassislari tomonidan 28-29 avgust kunlari qabul qilinadi. Jamoalarga qulaylik yaratish maqsadida Vodiy klublarining normativdan o`ta olmagan futbolchilari 28 avgust kuni Farg`ona shahridagi “Istiqlol” stadionida test topshirishadi. Voha klublari esa 29 avgust sanasida Buxoro shahridagi “Buxoro” stadionida normativ topshirishadi.
Testlardan o`ta olmagan futbolchilar Superliga va Pro liga bahslariga qo`yilmaydi.