“Navbahor” FK va uning futbolchilari jarimaga tortildi

13.08.2018

“Navbahor” FK va uning futbolchilari jarimaga tortildi

PEPSI Superliga 21-turi doirasidagi “Navbahor-Lochinlari” (Namangan) – “Buxoro” (Buxoro) uchrashuvining 81, 89 va 90+4 daqiqalarida mezbonlardan Davron Hoshimov, Jahongir Mehmonov va Oston O`runov bosh hakam tomonidan ogohlantirildi. Butun uchrashuv, xususan, yuqorida ko`rsatib o`tilgan daqiqalarni alohida o`rganib chiqqan PFL komissiyasi bu uch futbolchining sariq kartochkaga loyiq ko`rilgan hatti-harakatlarini shubhali baholadi.

Komissiya a`zolari bunda mazkur uch futbolchi hisobida bungacha 3tadan sariq kartochka bo`lgani, shuningdek, “Navbahor”ning PEPSI Superliga 22-turidan joy olgan “Qizilqum”ga qarshi o`yini “oltin ochko” tizimidan chetda turganini inobatga olgan. Qolaversa, futbolchilar sariq kartochkalarni mug`ombirlik yo`li bilan “ishlab olgani” yaqqol ko`ringan.

Shu munosabat bilan Musobaqalar reglamentining “Intizomiy va jarimalar kodeksi” 5-bo`lim 5.6 bandida ko`rsatilgan “ahloqiy me`yorlarga amal qilmaslik, mug`ombirlik ishlatish hamda sportchiga xos bo`lmagan xulqi uchun” qismiga bepisandlik bilan munosabatda bo`lgani uchun “Navbahor” futbol klubi 10 000 000 (o`n million) so`m miqdorida jarimaga tortildi.

Reglamentning yuqorida ko`rsatilgan bandiga rioya qilmagani uchun futbolchilar – Davron Hoshimov, Jahongir Mehmonov va Oston O`runov 22-tur uchrashuvidan tashqari, endilikda 23-tur o`yinlaridan ham diskvalifikatsiya qilindi hamda har biri 5 000 000 (besh million) so`mdan jarima to`laydi. 

Shuningdek, futbolchilarining bu kabi ishlariga yo`l qo`yib bergani uchun “Navbahor-Lochinlari” murabbiylar shtabi, xususan, Ilhom Mo`minjonov jiddiy ogohlantirildi. Bu hol uning boshqaruvidagi klub bilan yana bir bor takrorlansa, Mo`minjonovni jiddiy sanktsiyalar kutishi mumkin.

Futbolni aldab bo`lmaydi, hamisha halol o`ynang. 

cola
apex
mib
mib
mib
mib