2011 yili o`smirlar terma jamoamizning Meksikada o`tgan Jahon chempionatida chorak finalga qadar etib borib, dunyo futbol ommasining e`tiboriga tushgan davrni hali hech kim unutganicha yo`q. Terma jamoamiz darvozasini qo`riqlagan G`anisher Xolmurodovning mahorati va shijoatiga hamma tan bergandi o`shanda. Lekin ma`lum vaqt o`tgach, G`anisher futbol olamida ko`rinmay qoldi. Vaholanki, uning futboldagi kelajagiga ko`pchilik umid qilgandi, milliy termamizga voris etishib chiqayotganligidan mamnun edi.
2010 yili 16 yoshlilar o`rtasida Osiyo chempionatining final bosqichi Toshkentda tashkil etildi. Aleksandr Evstafeev ustozligidagi termamiz musobaqaning final bosqichida hakamlarning qo`pol xatolari evaziga KXDR termasiga mag`lub bo`lsa-da, Jahon chempionati yo`llanmasini hal etib bo`lgandi.
Oradan bir yil o`tib, o`smirlarimiz Meksikaga safar etishdi. O`z guruhlarida AQSh (2:1), Chexiya (2:1) termalarini engib, faqat Yangi Zelandiyaga (1:4) imkoniyatni boy bersalarda, guruh g`olibi sifatida nimchorak finalga chiqishdi. Bu bosqichda Avstraliya termasi ham o`zbekistonliklar oldida “ip esholmadi” – yirik hisobda mag`lubiyatga uchradi (0:4). Chorak finalda esa yosh futbolchilarimizga urugvayliklar raqiblik qilishdi.Afsuski, bu o`yinda omad Urugvay termasiga nasib etdi (0:2). O`z vatanlariga qaytgan o`smirlarimiz izzat-ikrom bilan kutib olingan, har birlari avtomobil sovg`alari bilan taqdirlangan edi.
Qahramonimiz G`anisher Xolmurodov ham barcha futbolchilar kabi obro`-hurmatga ega bo`ldi. “Mash`al” futboli tarbiyalanuvchisi G`anisher Jahon chempionatidan keyin ham faoliyatini shu jamoada davom ettirdi. 2013 yilning ikkinchi davrasidan “Metallurg” klubiga ijaraga berildi, 2015 yilgi mavsumni esa mamlakat birinchiligi ishtirokchisi “Alanga” jamoasida o`tkazgach, harbiy xizmatga ketdi. Qaytdi, faqat futbolga emas, boshqa sohaga...
Xabaringiz bor, Qarshi shahrida plyaj futboli bo`yicha O`zbekiston Kubogi musobaqasi o`tkazildi. Shu erda G`anisher Xolmurodovni uchratdik. U viloyat milliy xavfsizlik xizmati xodimlaridan iborat “Adolat” jamoasi sharafini himoya qilayotgan edi. Turgan gapki, unga bergan birinchi va so`nggi savolimiz shunday bo`ldi: “Futbolni nega tashladingiz”?
Uning javobi ham qisqa va tushunarli bo`ldi: “Mash`al”da kamol topdim, obro` orttirdim. Barcha futbolchilar kabi omadimni boshqa, kuchliroq klublarda sinab ko`rmoqchi bo`ldim. Lekin klub menga ruhsat bermadi. Oxir-oqibat kasbimni o`zgartirishni ixtiyor etdim. To`g`ri, kasbim o`zgardi, lekin, mana ko`rib turibsiz, futbolni tark etganim yo`q, hamon maydondaman”.