Qashqadaryolik har bir muxlis, hatto katta-kichik tashkilot rahbarlari sportni, ayniqsa, futbolni chindan sevishadi. Bu erdagi har hududda barpo etilgan sport majmualarda, o`yingoh va maydonlarda kunda, kun ora turli darajadagi musobaqalarga, bahslarga guvoh bo`lasiz. Respublika miqyosidagi sport va futbol tadbirlarini vaqtida, bekamu-ko`st bajarish uyoqda tursin o`zlari ham tinimsiz tashabbuslar bilan band bo`lishadi.
Aytaylik bugun. Bitta futbolning o`zida Qarshi shahrida uchta turli saviyadagi musobaqalar o`tkazilmoqda. “Nasaf” futbol akademiyasi sun`iy maydonida o`smirlar o`rtasida”Voha Kubogi” Respublika turniri, “Geolog” sport majmuasida plyaj futboli bo`yicha O`zbekiston Kubogi, shu majmuaning bosh maydonida esa viloyat milliy xavfsizlik xizmatining futbol bo`yicha ichki musobaqasi davom etyapti. Viloyatning shahar va tumanlarida boshqa sport turlaribo`yicha yana qancha sport tadbirlari...
Yuqorida tilga olganimizdek, to`rt kundirki Qarshi shahrining “Geolog” sport majmuasi hududida barpo etilgan respublikada yagona plyaj maydonida O`zbekiston Kubogi o`yinlari davom ettirilmoqda. Bugun musobaqaning yarim final uchrashuvlari bo`lib o`tdi.
Birinchi juftlikda Pepsi Superligadagi “Nasaf” futbol klubiga qarashli futbol akademiyasi murabbiylaridan iborat “Nasaf” jamoasi samarqandliklarga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuvning asosiy vaqtida ham, qo`shimcha belgilangan bo`limda ham kuchlar teng keldi – 2:2. Penaltidan tepishda esa samarqandliklar birinchi urinishdayoq xatoga yo`l qo`yishdi. Shuni ta`kidlash joizki, Samarqanddan birgina plyaj jamoasi emas, balki 13-14 yoshli bolalar guruhi ham kelgan, Qarshining shu yoshdagi qator klublari bilan o`rtoqlik uchrashuvlari tashkillashtirishdi. Plyaj musobaqasida esa “Samarqand”ni qo`llab-quvvatlovchilar mezbonlardan-da ko`pchilik bo`lishdi. “Nasaf”ni esa muxlislaridan tashqari klub bosh menejeri Sergey Kucherenko har o`yinda jamoa bilan birga bo`ldi.
Yarim finlaning ikkinchi juftligi ham shiddati va keskinligi oldingisidan kam bo`lmadi. Viloyat milliy xavfsizlik xizmati xodimlaridan iborat tuzilgan “Adolat” jamoasining ko`pchiligini yaqin o`tmishda turli futbol jamoalarida o`ynagan havaskor futbolchilar bo`lgani uchun ham raqibiga jiddiy qarshilik ko`rsatdi. Raqib ham anoyilardan emas, aynan plyaj futboli bo`yicha avvalgi ettita mavsumning barida ishtirok etgan, ikki marta chempion va shuncha marotaba Kubok sohibi bo`lgan, ayni paytda esa futzal bo`yicha Superligada qatnashayotgan “Kogon” jamoasi edi. Mezbonlar uchinchi bo`limning dastlabki daqiqalarida 3:0 hisobida oldinga chiqib olgan, o`zlarini deyarli finalda deya his qila boshlagan soniyalarda kogonliklar tashabbusni o`z qo`llariga olishdi va bo`lim yakunlanishi arafasida hisobni tenglashtirishdi. Qo`shib berilgan uch daqiqa ichida esa yana ikkita to`p kiritishib, finalga yo`llanma oluvchi g`alabani qo`lga kiritishdi...
Chorak final. 19 iyul.
“Binokor” – “Nasaf” – 1:5
“Lokomotiv” – “Adolat” – 0:7
“Samarqand” – «Qarshi” – 1:1. P.b. 2:1
«Nishon» -«Kogon» - 0:3
Yarim final. 20 iyul.
«Nasaf» «Samarqand»- 2:2. P.b. 3:2
“Adolat” - “Kogon” – 3:3. Q.v. 3:5.
Final. 21 iyul.
“Nasaf” – “Kogon”.