PEPSI Superliganing 14-turi doirasidan o`rin olgan AGMK — "Paxtakor" (0:1) uchrashuvining 52-daqiqasida ro`y bergan vaziyat futbol jamoatchiligi o`rtasida keng muhokama etilmoqda.
Gap shundaki, mazkur uchrashuvning 52-daqiqasida “Paxtakor” jamoasi hujumga o`tgan paytda to`p AGMK a`zosi Muzaffar Muzaffarovga kelib tushdi va uchrashuv bosh hakami Vladislav Tseytlin shu onda o`yinni to`xtatib, ushbu futbolchiga ikkinchi sariq kartochkani ko`rsatdi. Natijada bunga qadar 26-daqiqada ilk marta ogohlantirilgan Muzaffarov maydonni tark etdi. Uchrashuv sharhlovchisi bu vaqtda to`p AGMK futbolchisining qo`liga tekkan yoki tegmagani borasida fikr bergan. Aslida esa hakamning qarorida bu mavzu umuman rol o`ynamagan.
Mazkur vaziyatda bosh hakam tomonidan qabul qilngan qaror ko`pchilik tomonidan muhokama etilmoqda. Bugun O`FA Hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi mazkur vaziyat yuzasidan yig`ilish o`tkazdi. Unda AGMK — "Paxtakor" o`yinida ro`y bergan vaziyat atroflicha tahlil qilindi. Vladislav Tseytlin aslida vaziyat qanday bo`lganini izohlab, o`sha holatda AGMK futbolchisi o`zini professional futbolchiga xos ravishda tutmasdan, nohalol tarzda o`ynaganini ta`kidladi. Ya`ni, “Paxtakor” jamoasi hujum qilayotgan paytda to`p qanotdan jarima maydonchasiga yaqin joyda turgan Jaloliddin Masharipovga uzatib berilgandi. Lekin AGMK a`zosi Muzaffar Muzaffarov raqibini chalg`itish maqsadida “To`pni o`tkazib yubor, ortingda men borman” deya ta`kidladi. Natijada sakrab to`pni to`xtatishga chog`langan Masharipov unga tegmadi va to`p borib Muzaffar Muzaffarovga tushdi. Bu tarzda raqibini chalg`itib, to`pga ega chiqish halol o`yin printsiplariga aslo to`g`ri kelmaydi.
Xalqaro Futbol Assotsiatsiyalari Kengashi IFAB tomonidan ishlab chiqilgan 2017-18 yillar uchun Futbol qoidalarining 12-bo`lim 3-bandida futbolchiga o`zini sportchiga xos bo`lmagan tarzda tutgani uchun sariq kartochka ko`rsatilish holatlari qayd etilgan. Aynan shu bandga ko`ra, futbolchi agar raqibini og`zaki tarzda haqorat qilsa yoki uni quyushqondan chiqarishga, raqibni chalg`itishga urinsa sariq kartochka bilan jazolanadi. O`yin paytida haqoratli so`zlar ishlatish yoki raqibni chalg`itishni ko`zlagan qichqiriqlarni amalga oshirish sportchiga xos bo`lmagan harakat hisoblanadi.
O`FA Hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi AGMK — "Paxtakor" uchrashuvining 52-daqiqasida ro`y bergan vaziyatni muhokama etgach, AGMK futbolchisi Muzaffarovning qichqirig`ini sportchiga xos bo`lmagan harakat deya baholadi va bosh hakam Vladislav Tseytlin tomonidan qabul qilingan qarorni to`g`ri, deya topdi.