Plyaj futboli deganda ko`z oldimizda faqat Braziliya gavdalanadi. To`g`rida, Jahonga tanilgan mana-man degan braziliyalik futbolchi yoshligidan, bolaligidan qumli maydonda to`p tepib katta bo`lganini, mashhurlikka erishganida ham plyaj futbolida kamol topganini ko`p xotirlaydi. Bunday xolatni bilamiz, eshitganmiz-u, lekin vaqti kelib o`zimizda ham futbolning bu ko`rinishi paydo bo`lishiga, ommalashishiga ishongimiz kelmas edi. Bundan o`n yillarcha oldin O`zbekistonda ham plyaj futboli bo`yicha rasmiy musobaqa o`tkazishga kirishildi. Plyaj futboliga joy masalasida Qarshi shahrida yangi ta`mirdan chiqqan va Viloyat bolalar va ayollar sport markaziga aylantirilgan sobiq “Geolog” stadionining bir burchagi tanlandi. Tezlikda ish boshlandi: tonna-tonna ahlatlar tashqariga olib chiqildi, yuzlab yuk mashinalarda qum keltirildi, tomoshabinlar uchun o`rindiqlar, hakamlar va futbolchilar uchun echinib-kiyinish xonalari barpo etildi. Qarabsizki, xorijnikidan qolishmaydigan binoyidek plyaj maydoni paydo bo`ldi.
Erkaklar va ayollar o`rtasida mamlakat chempionati va Kubok o`yinlari o`tkazila boshlandi. Har ikkalasida ham o`nga yaqin jamoalar ishtirok etar, g`oliblik aksariyat mavsumlarda mezbonlarning o`zlariga nasib qilardi. Hatto plyaj futboli bo`yicha ikki yilda bir o`tkaziladigan Jahon chempionati saralash o`yinlariga saralab olingan O`zbekiston terma jamoasi a`zolari ham aynan shu maydonda, aynan chempionat va Kubok o`yinlarida toblanardi.
Nima bo`ldi-yu, musobaqalarga “ko`z tegdi”. 2012 yilda avvaliga erkaklar o`rtasidagi turnirlar barham topdi, bir yil o`tib esa ayollar musobaqalari ham tappa-taq to`xtadi. Orada salkam besh yil o`tibdi. O`zbekiston futbol assotsiatsiyasidagi islohotlar sabab mazkur sport o`yin yana tiklanmoqda, yana rasmiy musobaqalar o`tkazilishi yo`lga qo`yilmoqda.
16-21 iyul kunlari O`zbekistondagi yagona plyaj maydoni – Qarshidagi “Geolog” sport majmuasi plyaj maydonida erkaklar o`rtasida O`zbekiston Kubogi musobaqasi tashkillashtirilishi rejalashtirildi. Bu borada O`zPFL Sport boshqarmasi mutaxassislari tomonidan musobaqa qonun-qoidalari qaytadan ishlab chiqildi va hududlarga taklifnomalar yuborildi. Bir paytlar mazkur musobaqalarda “MVM”, “Haloskor”, “ShGXK” (Qarshi), “Orzu”, “Koson-yog`” ( (Koson), “Bodomzor” (Toshkent), “So`g`diyona” (Samarqand), “Olimpiya” (Termiz), “Lokomotiv” (Navoiy), “Kogon” (Buxoro), “Sho`rtan” (G`uzor), “Lochin-To`y-Tepa” (Toshkent viloyati) kabi jamoalar o`z shahar va viloyati sharafini himoya qilishar edi. Endichi, ko`ramiz, kimlar maydonda saf tortishadi?