“Mash`al” jamoasi yarim himoyachisi Nikita Pavlenko hamda klub o`rtasida davom etayotgan kelishmovchilik 24 yoshli futbolchining murojaatiga asosan PFL tomonidan o`rganib chiqildi.
Vaziyat atroflicha tahlil qilingach, 2017 yildan buyon “Mash`al” safida o`ynab kelayotgan futbolchining jamoa safini tark etmoqchiligi, biroq klub uning ketishiga ruxsat bermayotgani ayon bo`ldi. Gap shundaki, Nikita Pavlenkoning Muborak jamoasi bilan tuzgan shartnomasi yil so`nggida nihoyasiga etardi. Futbolchi amaldagi shartnomasi tugashiga 6 oydan kam muddat qolganida boshqa jamoa bilan muzokara o`tkazish huquqiga ega ekanidan kelib chiqqan holda xorij klubi bilan kelishuvga erishgan. Lekin “Mash`al” futbolchini qo`yib yuborishni istamadi.
Har ikki tomon bilan vaziyat chuqur tahlil qilindi va yakunda Pavlenkoning “Mash`al” bilan tuzgan shartnomasi 4.3 bandida agar futbolchi jamoadan olgan rag`batlantirish mablag`larini klubga qaytarsa, jamoadan ketishi mumkin ekani inobatga olinib,“Mash`al” va Nikita Pavlenko o`rtasidagi shartnoma bekor qilindi. Futbolchi klub hisob-raqamiga olgan rag`batlantirish pullarini o`tkazib berdi. Har ikki tomon ham kelishmovchilikning ijobiy hal bo`lganidan mamnunligini bildirdi.
- Faoliyatimni xorijda davom ettirish niyatim bor. Har qanday futbolchi ham o`z kuchini chet elda sinab ko`rishni istaydi. Biroq "Mash`al" bilan o`rtada biroz kelishmovchilik yuzaga keldi. Har ikki tomonni ham tinglab, hech kimni hafa qilmaydigan qaror qabul qilinishida amaliy yordam ko`rsatgan O`FA va PFL rahbariyatiga o`z minnatdorchiligimni bildiraman, - dedi 24 yoshli futbolchi.