Pepsi Superliganing 16-tur o`yinlariga tayin qilingan ikki nafar hakam faoliyatidan chetlashtirildi. Bu haqda Hakamlar qo`mitasi xabar berdi.
“So`g`diyona” — “Metallurg” o`yinida ishlagan Aziz Asimov hamda “Qo`qon-1912” — “Lokomotiv” uchrashuvini boshqarib borgan Ilgiz Tantashev Superliga hamda Pro-Liga o`yinlariga qo`yilmaydi. Aniqlanishicha, ular bellashuvlar natijasiga bevosita ta`sir ko`rsatuvchi bir qancha xatolarga yo`l qo`ygan.
Har ikki o`yin nazoratchilari hakamlar harakatini past baholagan hamda o`yinlar videoyozuvini ko`rib chiqishni so`rab Hakamlar qo`mitasiga murojaat qilgan. Bugun — 10 iyul kuni qo`mitaning birinchi galdagi ishi mazkur ikki uchrashuvni tahlil qilish bo`ldi. Natijada Asimov hamda Tantashev noma`lum muddatga safdan chiqarildi. Ayni vaqtda qo`mita Pepsi Superliganing qolgan uchrashuvlarini ham o`rganib chiqmoqda.
Hakam va nazoratchilar uchun talablar oshirilgani, shuningdek, yosh hakamlar etishib chiqayotganidan kelib chiqib, bu borada raqobat o`sayotganini qayd etish mumkin. Endilikda o`z ustida ishlamayotgan yoki o`yinlarda jiddiy xatolarga yo`l qo`yayotgan hakamlarni almashtirish uchun imkoniyat mavjud. Faoliyatida tanaffus yuzaga kelayotgan hakamlar o`z ustida ishlashda davom etadi. Ular ishiga qaytishi uchun sinovlardan qayta o`tishiga to`g`ri keladi.