Rasman: 2019 yilgi mavsumdan boshlab futbolchilarda ko`tarma puli bo`lmaydi

09.07.2018

Rasman: 2019 yilgi mavsumdan boshlab futbolchilarda ko`tarma puli bo`lmaydi

O`zbekiston klublari futbolchilarga ko`tarma pullari bermaydi. Bu holat 2019 yil uchun tuziladigan shartnomalarda o`z ifodasini topadi. 

O`FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov topshirig`iga ko`ra, davlat tomonidan moliyalashtirilayotgan klublarning shtat jadvali hamda infratuzilmasini tartibga keltirish ishlari boshlangandi. Ko`tarma pullari masalasi bunda alohida o`rin tutadigan bo`ldi.

“Hali bir ishni qoyil qilib qo`ymagan futbolchining klubga kelmay turiboq millionlab pul talab qilishini tushunish qiyin. U o`z saviyasiga qarab oylik-maosh yoki mehnatlari evaziga mukofot pullarini talab qilishi mumkin. Shu vaqtgacha uning quruq savlatiga berilgan pul endilikda futbolchini tarbiya qilgan futbol maktablari hamda murabbiylariga yo`naltiriladi. Bu o`z navbatida bolalar futbolida faoliyat olib borayotgan murabbiylarni sifatli futbolchilarni etishtirishga bo`lgan intilishini kuchaytiradi”,  — deb aytib o`tdi Umid Ahmadjonov O`FA hamda PFL rahbariyati bilan uchrashuvda.

To`g`ri, ko`tarma puli ko`rinishidagi rag`batlantirish butun dunyoda bor. Biroq futbolchi bunday mavqega chiqishi uchun jiddiy mehnat qiladi. U bir qator klublar nazariga tushganida nafaqat transfer narxi, balki o`zining klub bilan kelishajak shartnomasida ham raqamlar o`sib boradi.

Ayni vaqtda esa O`zbekistonda ko`plab klublar davlat korxonalari tomonidan rag`batlantiriladi. Qolaversa, ko`tarma pullarini berish tartibi bir qator shubhalarga sabab bo`lyaptiki, buning orqasidan futbolchi hamda manfaatdor tomon moliyaviy yutuqqa erishishi mumkin. Biroq futbol ham, klublar ham rivojlanib qolmayapti. Endilikda futbolchilar qilgan mehnati uchun va albatta yutug`i uchun rag`batlantiriladi. To futbol klublari xususiylashib, o`rtada sog`lom raqobat vujudga kelmaguniga qadar, ko`tarma puli tushunchasi unutiladi.

“Ayniqsa, 1 yillik, yarim yillik bo`lgan legioner futbolchilar uchun berilayotgan ko`tarma pullari achinarli. Keladi, millionni cho`ntagiga soladi, o`ynasa o`ynadi, o`ynolmasa indamay qaytib ketaveradi. Klublar uvol bo`layotgan shu pullarni o`z akademiyasini qurish, keyinchalik uni shakllantirish, stadionini, infratuzilmasini rivojlantirish uchun sarflasin. Bizga boqimanda klublarning quruq savlati kerak emas. Davlat ularga suyanch bo`layotganidan foydalanib, o`z kelajaklari haqida qayg`urishsin. O`sha saviyasiz legionerlar bugun bor, ertaga yo`q. Akademiya yoki stadionlar esa o`zimizga qoladi, futbolimiz rivoji uchun xizmat qiladi”, — dedi Umid Ahmadjonov.

Professional futbol ligasi OFK talablaridan kelib chiqib, Pepsi Superliga klublariga majburiy shtat jadvali ko`rinishini taqdim etgandi. Tez orada akademiyalar bo`yicha shunday shtat jadvali yuboriladi. Stadion ishchilari hamda boshqa texnik xodimlar masalasi esa yana alohida muhokama qilinadi. Yilda ikki marta bo`lib o`tadigan audit tekshiruvi orqali klublarning kirim hamda chiqimlari, pullarning qanday maqsadda ishlatilayotgani nazorat qilib boriladi.

Bunda bir jihatni tushunish kerak, PFL ham, O`FA ham klublarning qanday qanday ko`rinishda faoliyat olib borishi, qanday mutaxassislar bilan qay ko`rinishda ishlashi masalasiga aralashmaydi. Ammo futbol uchun berilgan pullarning bemaqsad sarflab tashlanishiga ham yo`l qo`ymaydi. Bungacha klub bosh direktoridan tortib, ayrim rahbarlarning oddiy ishchi ko`rinishidagi yaqinlarigacha ko`tarma pullari olib kelgan bo`lsa, endilikda bu kabi ishlarga chek qo`yiladi.

cola
apex
mib
mib
mib
mib