Professional futbol ligasi Pepsi Superligasi klublari oldiga yangi talab qo`ydi. Bunda jamoalar shtat birligini qayta ko`rib chiqish kerak bo`ladi.
Shu vaqtga qadar klublar o`zi bilganicha faoliyat olib borgan bo`lib, ularning shtat birligi bir-biridan keskin farq qilib kelgan. Superliganing ayrim klublari davlat korxonalari tomonidan moliyalashtirilishidan kelib chiqib, O`FA shtat birligi masalasiga jiddiy e`tibor qaratdi. Natijada Professional futbol ligasi ham OFK talablarini inobatga olib, yuqoridagi masalani tartibga solishga qaror qildi.
Endilikda klub prezidenti va vitse-prezidenti faxriy lavozim bo`lib, asosiy ish Bosh direktor orqali boshlanadi (bosh menejer, ijrochi direktor, bosh maslahatchi emas). Bosh direktor fonida jami 24 kishi klub ishlarini yuritadi:
1. Bosh direktor
a) Bosh direktor o`rinbosari
b) Klub kotibi
4. Bosh buxgalter
a) Etakchi buxgalter
b) Hisobchi
7. Matbuot kotibi
a) Sayt administratori
b) Fotograf
v) Operator
11. Marketing masalasida menejer
a) Marketolog
b) Fan-klub menejeri
14. Texnik direktor
15. Sport direktori
16. Litsenziyalash masalasida menejer
17. Xavfsizlik masalasida menejer
18. Xalqaro masalalar bo`yicha menejer
a) Xalqaro bo`lim mutaxassisi
20. Kadrlar masalasida menejer
21. Yuristkonsult
22. Xo`jalik ishlari menejeri
23. Haydovchi (engil mashina)
24. Haydovchi (avtobus)
Endilikda klubning mas`ul xodimlari o`z ishiga puxta yondoshishi talab etiladi. Shu vaqtgacha matbuot xizmati vakillari o`z yumushidan tashqari litsenziyalashga ham, boshqa masalalarga ham yugurib kelavergan. Endilikda PFL har bir vazifa uchun faqatgina shu ish uchun mas`ullardangina hisobot talab qiladi. Matbuot kotibi yoki boshqa ishchi ayni bir mas`ul xodimning vazifalarini bajarmaydi. Ya`ni, hamma o`z ishi uchun javob beradi.
Shuningdek, endilikda yuqoridagi xodimlarning oylik-maoshlari masalasi ham nazorat qilinadi. Bir xil vazifani bajargani holatida ikki bosh direktorning biri 80 million, ikkinchisi 8 million maosh olmaydi. Bosh direktor o`z ishiga professionallarcha yondoshib, o`zi jamoa uchun qo`shimcha homiylar, daromad olib kelganidagina qo`shimcha rag`batlantirilishi mumkin (shuningdek, mukofot pullarining berilish tartibi ham alohida ko`rib chiqiladi).
Xodimlar ishdan bo`shatilganida klub va ishchi o`rtasidagi shartnoma, undagi talablar, kelishuvlar albatta PFL tomonidan ham ko`rib chiqiladi. Ya`ni, biror-bir xodimga nisbatan nohaqlik qilinishiga yo`l qo`yilmaydi. Ishchi-xodimning qanday faoliyat olib borishi, qanday sifat bilan ishlashi bosh direktorning hukmiga havola.
PFL bu erda akademiya va stadion ishchilarini ko`rsatmagan. Stadionlar masalasi alohida-alohida hal etiladi. Akademiya bo`yicha xuddi shunday shtat jadvalini Superliga klublari yaqin orada qabul qilib oladi. Akademiya murabbiylarining ishi klub texnik direktori tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Xususiy klublar ish o`rinlarini o`zi istaganicha ko`paytirishi va ishchilarga o`zi bilganicha oylik-maoshlar tayin qilishi mumkin. Ammo PFL ulardan ham yuqoridagi kabi mas`ul xodimlar ro`yxatini talab qilib oladi.
Yuqoridagilar O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-modda 1-bandiga ko`ra amalga oshiriladi. Klublar ishni tartibga solishda shu kodeksining 102-moddasi 1-bandidan kelib chiqib, ishchilarini ikki oy avval ogohlantiradi.
PFL bu boradagi hisobotlarni 15 iyul — transfer oynasi yopilguniga qadar qabul qiladi. Shtatlar o`zgarganini esa 15 sentyabrdan boshlab tekshiruvdan o`tkazadi. Klublarning avvaldan tasdiqlangan yillik smetasiga og`irlik tushmasligi uchun shu vaqtgacha faoliyat yuritmayotgan xodimlarni ishga qabul qilish 2019 yilning yanvarida amalga oshiriladi.
Shu masalalar yuzasidan PFL barcha savollarga javob berishga tayyor.