O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Professional futbol ligasida rahbariyat alishgach, bir qator futbolchi hamda murabbiylar tomonidan klublar ustidan shikoyat arizalari kelib tushdi. Ularning ishi Tartib-intizom qo`mitasi tomonidan atroflicha o`rganib chiqilib, qarzdor klublarga jazolar belgilandi va shu yo`l orqali futbolchilar, murabbiylar haq-huquqlari himoya etildi.
Endilikda Professional futbol ligasi biror klub yilni qarzdorlik bilan yopishiga yo`l qo`ymaydi. 18 iyun kuni transfer oynasi ochilgan bo`lsa, klublar bilan hamkorligini to`xtatayotgan har qanday futbolchi va murabbiyga PFL Sport bo`limi vakillari alohida murojaat qilyapti, ularning shikoyatlari bor yoki yo`qligi masalasida suhbat olib bormoqda. Ya`ni, klubidan norizo bo`lib ketayotgan futbolchi yoki murabbiylar bor bo`lsa, o`sha klubga o`zining keyingi operatsiyalarini amalga oshirish uchun imkoniyat berilmayapti. Bu pozitsiyada endilikda qat`iy turiladi.
Da`vo muddati 2 yil
Aynan 2018 yilgi yozgi transfer oynasidan boshlab PFL ham shikoyat arizalari tartibini barchaga eslatib o`tishni lozim deb biladi. Reglamentning 24-bo`lim 5-bandida har qanday shikoyat arizalari bo`lib o`tgan bahsli holatga 2 yil to`lmagani holatidagina ko`rib chiqilishi belgilab qo`yilgan. Demak, klublar, futbolchilar, murabbiylar bahsli vaziyat yuzasidan shikoyat arizasini maksimum 2 yil ichida yozishi kerak bo`ladi. Bundan kelib chiqadiki, 2016 yilning iyun oyigacha bo`lib o`tgan ishlarni ko`rib chiqish masalasini O`FA hamda PFL o`z bo`yniga olmaydi.
To`g`ri, O`zbekiston Respublika Fuqarolik kodeksining 150-moddasida umumiy da`vo muddati 3 yil deb ko`rsatib o`tilgan. Biroq, O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi bu kabi masalalarni Xalqaro futbol uyushmasining talabi asosida ishlab chiqadi, ya`ni, FIFA nizomlariga bo`ysunadi.
FIFAning “Futbolchilarning o`tishi va maqomi” to`g`risidagi reglamenti 25-bo`lim 5-bandida shunday deb yozilgan: “Futbolchilar maqomi bo`yicha qo`mita, Bahsli vaziyatlarni (mojarolar) hal qilish bo`yicha palata, shuningdek, Yakka tartibdagi sud hamda Mojarolarni hal qilish bo`yicha palata sudi o`z vakolatiga kiruvchi har qanday ishni u sodir bo`lganiga ikki yil to`lgach, ko`rib chiqmaydi. Ikki yil muddatgacha berilgan da`vo arizalari esa individual tarzda o`rganib chiqiladi”.
Muammo o`z vaqtida bartaraf etilishi shart
Bungacha bo`lgan holatda klublarning qarzdorligi bir necha yillardan buyon davom etib kelgani aniqlandi. Oddiy misol, Asror Aliqulov oldida “Sho`rtan” 2012 yildan buyon qarzdor bo`lib kelgan. Aliqulov o`z jamoasi ustidan shikoyat yozishni istamagan, “Sho`rtan” esa andishaning otini qo`rqoq bo`lib, o`zi uchun yillar davomida mehnat qilgan futbolchining pullarini berishni paysalga solib kelavergan. Aslida PFL bunday ishlarni nazorat qilishi kerak edi.
Shu bilan birgalikda, futbolchilar, murabbiylar va klublar ham o`z haqini talab qilishni o`rganishi kerak. Og`zaki va`dalar, havodagi gaplar hamma joyda bor. Ularga ishonib, shartnomaga imzo chekishni oqlab bo`lmaydi. 2019 yilgi mavsumdan boshlab PFL barcha uchun bir turdagi shartnomalarni joriy qiladi. Tomonlar shartnoma shartlarini o`zaro kelishib olishi va unga qo`shimcha bandlar kiritishi mumkin. Biroq undagi masalalar tartibli bo`lishi shart. Yo`qsa, o`z ishini yaxshi bilmaydigan kishilar tomonidan shu qadar kulguli shartnomalar tuzilganki, ularning echimini topish ham anchagina mushkul. Endilikda bu kabi ishlarga yo`l qo`yib bo`lmaydi.
Bundan-buyon 2018 yildan qarzdorligi qolib ketayotgan futbolchilar va murabbiylar, 2019 yilgi mavsum uchun imzo chekmaydi. Ko`tarma pullar masalasi esa PFL tomonidan o`rganib chiqilmoqda. Yaqin orada bunday pullar futbolchini etishtirib bergan murabbiy hamda maktablar uchun sarf etilishi borasida qaror chiqishi katta ehtimol. Na futbolchi, na murabbiy va na biror-bir rahbar hali ko`rsatilmagan natijasi uchun tayyor pul olmaydi. Oylik, mukofot pullari masalasida klublar va futbolchilar o`zaro kelishib olishi mumkin. Zero yutuq uchun beriladigan mukofotni to`g`ri tushunsa bo`ladi. Yil boshida yuz millionlab pulni o`zlashtirib oladigan futbolchidan esa yana qandaydir motivatsiya kutish mantiqsiz. O`z navbatida har qanday mukofotda ham me`yor bo`lishi lozim. Klublar qachonki xususiy bo`lsa, pulni o`zi istaganicha sarf etaverishi mumkin. O`FA va PFL o`sha me`yorni ham ko`rsatib beradi.
Shikoyat qanday tartibda bo`ladi?
Futbolchilar, murabbiylar yoki klubning boshqa ishchi-xodimlari biror muammo yoki mojaro yuzasidan O`FAning Futbolchilarning o`tishi va maqomi bo`yicha qo`mitaga murojaat qilishi mumkin. Agar mavjud masala bo`yicha chiqarilgan qarordan norozilik yuzaga kelsa, da`vogar O`FAning Apellyatsiya qo`mitasiga murojaat bilan chiqadi. Ish shu zaylda FIFAga qadar etib borishi ham mumkin. O`z navbatida FIFA ham bu kabi ishlar albatta Sport arbitraj sudlari orqali hal etilishini talab qiladi. Ya`ni, futbol ishiga boshqa organlar aralashmasligi uchun harakat qiladi.
O`FA O`zbekiston ichki chempionatida yuz berayotgan muammolar FIFAga qadar etib borishidan manfaatdor emas. Bu tashkilot imidjiga ta`sir ko`rsatmay qolmaydi. Ma`lumki, bir qator klublar legionerlar bilan ishlash tartibini bilmagan va ish FIFAga qadar etib borgan. Endilikda legioner futbolchilar bilan shartnoma tuzish tartibi masalasi ham o`rganib chiqilmoqda. Ya`ni, klublar avval akademiyasini quradi, keyin maydonini tartibga keltiradi va undan keyingina legionerga bo`yin cho`zadi. O`zining moliyaviy manbalari va normal infratuzilmasiga ega bo`lmagan klubning quruq savlati mamlakat futbolini rivojlantirib qo`ymaydi. Ayni vaqtda hukumat futbolni qo`llayotganidan kelib chiqib, biz futbol akademiyalari va umuman infratuzilmani sifatli ko`rinishga keltirib olishimiz shart. Xorijdan kelayotgan va aslida mahalliy futbolchilardan bir bosh ustun bo`lmagan legioner uchun sarf etilayotgan pullar esa shunchaki havoga uchayotgandek taassurot uyg`otmasligi shart.
Diqqat
Futbolchilar, murabbiylar yoki klublar ichki ishlar organlari, sudlar yoki prokuraturaga murojaat qilgan taqdirida, O`FA ortiq bu ish bilan shug`ullanmaydi. Chunki yuqoridagi organlar maqomi jihatdan O`FAdan yuqori turadi. Demak, ish mana shu organlarda ochilsa, faqatgina ularda yopiladi. Buni faoliyatini futbol bilan bog`lagan har qanday shaxs bilishi shart.
O`z navbatida O`FA ham o`z vakolati doirasiga kirmaydigan ishlar masalasini aynan yuqoridagi organlar hukmiga havola etadi. “Iftixor” klubi futbolchilari bilan bo`lgan masala bunga yorqin misol bo`lishi mumkin.
Yuqoridagilarni to`g`ri tushunishingizdan umidvormiz. O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi mazkur soha vakillarining futboldagi huquq va erkinliklari paymol etilishiga yo`l qo`ymaydi. Shu bilan birgalikda futbol ichidagi har qanday masalani nazorat qiladi. Bundan buyon har qanday klub va uning rahbari o`zi bilgani bo`yicha ish ko`ra olmaydi. Har qanday qaror va harakat avvalo klub, shu orqali mamlakat futboli rivoji uchun xizmat qilishi shart.