Superliga hamda Pro-Liga jamoalari futbol maktablarining 18 yoshgacha bo`lgan tarbiyalanuvchilari o`rtasida o`tkazilayotgan mamlakat birinchiligi 5-turi doirasidan o`rin olgan "Navbahor" - "Nasaf" uchrashuvida namanganliklar tarkibida aslida Qarshi jamoasi tarbiyalanuvchisi bo`lgan Shukurullo Xoldoraliev maydonga tushgan edi.
Mazkur o`yindan so`ng "Nasaf" vakillari O`zPFLga Shukurullo Xoldoralievning hali Qarshi shahri jamoasidan o`zining futbolchi pasporti va uning boshqa klubga o`tishiga "Nasaf"ning qarshi emasligi to`g`risidagi maxus xat olmasdan "Navbahor" tarkibiga borib qo`shilganini ma`lum qildi.
PFLning maxsus ishchi komissiyasi ushbu holat yuzasidan atroflicha tekshiruv olib bordi va yakunda Shukurullo Xoldoraliev "Navbahor"ga o`tish uchun hujjatlar tayyorlash jarayonida o`z futbolchi pasportining aslini taqdim etmagani va "Nasaf"dan ruxsatnoma olmagani ma`lum bo`ldi.
Endi 17 yoshni qarshi oladigan Shukurullo Xoldoraliev mazkur holat yuzasidan PFLga o`z tushuntirishini berdi va qilgan xatosidan afsusda ekanini bildirdi. PFL hali uning yosh ekani va o`z aybini anglayotganini inobatga olib, Shukurullo Xoldoralievning "Nasaf"dan "Navbahor"ga qonuniy ravishda o`tishiga ruxsat berdi.
"Hali yosh bo`lganim tufayli oqibatini o`ylamasdan noto`g`ri ish qilib qo`ydim. Kattalar har qanday holatda ham qonuniy ish ko`rish lozim ekanini tushuntirishdi. Hujjat tayyorlash jarayonida buning qanchalik noqonuniy ekanini to`liq anglamasdan harakat qilgandim. Endi bundan afsusdaman. Bundan keyin hech ham ushbu holat qaytarilmasligiga va`da beraman. Nima qilgan bo`lsa ham – barchasi futbol o`ynashda davom etish uchun edi. Men ushbu sport turini jon dilimdan yaxshi ko`raman. Bolaligimdan kelajakda futbolchi bo`lishni orzu qilganman. Umid qilamanki, professional o`yinchi bo`lib, katta jamoalarda yaxshi o`yin ko`rsatsam, meni barcha kechiradi", - dedi Shukurullo Xoldoraliev.
"Shukurullo – juda iste`dodli bola. U "Navbahor" yoshlari tarkibiga kelib qo`shilguniga qadar ancha muddat futbol o`ynamay qo`ygandi. "Nasaf"dan ketgach bu bola bir muddat umuman futbol bilan shug`ullanmadi. Keyinroq To`raqo`rg`ondagi "Yoshlik" jamoasi safida o`ynay boshladi. To`g`risi, Shukrulloning "Navbahor" U-18 jamoasi tarkibida ro`yxatdan o`tkazilishida biroz e`tiborsizlik qildik. Aslida bunaday bee`tibor tarzda hujjat tayyorlash noto`g`ri, deb hisoblayman. Nima qilingan bo`lsa ham – barchasi shu yigitning katta futbol o`ynash orzusi amalga oshishi uchun edi. Shukrullo o`z xatosini anglab turibdi. Endi u o`zining mexnati bilan etuk futbolchi bo`lib etishish uchun qattiq harakat qilishi talab etiladi. Biz murabbiylar ham unga to`g`ri yo`l ko`rsatishga urinamiz", - dedi "Navbahor" U-18 jamoasi ustozi A`zam Rajabboev.
Ta`kidlash joizki, Shukurullo Xoldoralievning yosh iste`dodli o`yinchi ekani va uning "Nasaf"dan ketgach futbol bilan shug`ullanishni to`xtatishi ehtimoli bor bo`lgani sababdan ham PFL uni jazolashni joiz topmadi. Zero yosh iqtidor egalariga to`g`ri yo`l ko`rsatish hammamizning ham burchimizdir. Lekin Shukurullo Xoldoraliev bundan buyon faqat qonun-qoidalar asosida faoliyat olib borishi lozim bo`ladi. Yo`qsa futbolchiga nisbatan jiddiy jazo choralari qo`llanadi. PFL futbolchilarning u yoki bu klubdan boshqasiga o`tishida barcha masalalar qonuniy yo`l bilan hal etilishini qattiq nazorat qiladi.