Oybek Qilichev: “Qilgan xatoimdan to`g`ri xulosa chiqardim”

20.06.2018

Oybek Qilichev: “Qilgan xatoimdan to`g`ri xulosa chiqardim”

2017 yilning 23 oktyabr kuni “Navbahor” futbolchisi Oybek Qilichev 1 yil muddatga futboldan chetlashtirilgandi.

Oybek Qilichev 2017 yilgi O`zbekiston chempionatining 25-turi doirasidan o`rin olgan “Qo`qon-1912” klubiga qarshi o`yinda maydonga tushib, raqibiga nisbatan tajovuzkor hatti-harakat amalga oshirgandi. Vaziyatni o`rganib chiqqan O`FA Ijroqo`mi uni bir yilga futboldan chetlashtirish barobarida, 10 million so`m miqdorida jarima ham tayin qilgandi.

Yaqinda O`FA Ijroqo`mi yig`ilishida futboldan butunlay chetlashtirilgan futbolchilarga qaytadan imkoniyat berish masalasi ko`rib chiqildi. Futbolchining pushaymonligi va bu boradagi maktublari inobatga olinib, Qilichevni 18 iyun kuni ochilgan transfer oynasidan foydalanib, qayta ro`yxatga olish uchun ruxsat berildi.

“Futbol – extiroslarga boy o`yin. Ba`zan futbolchilar maydonda o`z asablarini jilovlay olmay qolishadi. Men ham o`sha “Qo`qon-1912” jamoasi bilan bo`lgan uchrashuvda o`z xatti-harakatlarimni nazorat qila olmay qoldim. Rosti o`sha paytda qanday qilib raqibga nisbatan tajovuzkor o`ynaganimni sezmay ham qoldim”, - deydi Oybek Qilichev.

“Mana o`tgan yilning kuzidan buyon katta futboldan chetda yuribman. Ushbu davr mobaynida qilgan xunuk ishimdan juda afsuslandim. Zero butun umr futbol o`ynagan kishi birdaniga “o`yindan tashqari holat”ga tushib qolsa, uning uchun bundan og`ir jazo yo`q. Men o`sha amalga oshirgan juda xunuk xatti-harakatlarimdan afsusdaman va xato qilganimni to`liq anglab etdim”, - deya o`z pushaymonligini bildirdi futbolchi.

Chetlashtirishdan maqsad futbolchini shunchaki jazolash emas, unga qilgan ishi xato ekanini ongli ravishda tushuntira olishdir, deyiladi Ijroqo`m majlisida. Shunday ekan, Oybek Qilichev PEPSI Superligada yuzaga kelgan tanaffusdan keyingi o`yinlarga tayyorgarlik ko`rishi mumkin. Futbolchi shuni unutmasligi kerakki, u endi jiddiy nazoratda bo`ladi. Navbatdagi tajovuzkor harakati uchun u kechirilmasligi mumkin.

“Har qanday holatda ham futbol “toza” bo`lishi lozim. O`yinchilar ham maydonda o`zlarini professional tarzda tutishlari shart. Men endi raqiblarni xurmat qilgan holda, bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilaman. Birinchi navbatda o`zbekistonlik barcha futbol muxlislaridan o`zimni nomunosib tutganim uchun uzr so`rayman. Qolaversa, afsusda ekanimni inobatga olib, belgilangan muddatidan avval menga futbolga qaytishimga ruxsat bergani uchun O`FA rahbariyatidan va shaxsan Umid Ahmadjonovdan minnatdorman. Aslida kuz fasli so`nggida kechirishsa kerak, deb o`ylagan edim. Lekin O`FA Ijroqo`mi mening o`z aybimni anglab etganimni inobatga olib, maydonga qaytishimga ruxsat berdi. Endi ularning bildirgan ishonchini oqlash uchun ham o`zimni hamisha professional tarzda tutishga va`da beraman”, - dedi Oybek Qilichev. 

Ta`kidlash joizki, Qilichevni o`z safiga qo`shib olmoqchi bo`lgan jamoaga futbolchining shartnomasiga bu borada alohida band kiritish tavsiya etiladi. Ya`ni, futbolchi endi raqiblariga nisbatan tajovuzkor xatti-harakatlar amalga oshirmasligi lozim. Umid qilamizki, Oybek Qilichev xatosidan to`g`ri xulosa chiqardi va endilikda faqatgina chiroyli o`yinlari bilan muxlislar yodida qoladi. 

 

cola
apex
mib
mib
mib
mib