O`zbekiston professional futbol ligasi elkasida qarzi bor bo`lgan klublarga yangi futbolchilarni ro`yxatdan o`tkazish imkoniyatini bermaydi.
Kecha — 18 iyun kuni yozgi transfer oynasi rasman ochilgan. Bu vaqtga kelib bir qator klublarda katta o`zgarishlar bo`ladi. Ya`ni, ayrim futbolchi va murabbiylarga javob berib yuboriladi. Shundan kelib chiqib, o`z jamoasini tark etayotgan, ammo klubda puli qolib ketayotgan futbolchilar kech bo`lmasidan PFLga murojaat qilishi mumkin.
O`z navbatida PFL ham klub bilan xayrlashayotgan futbolchilar haqidagi hisobotni klublardan talab qilib oladi. Ya`ni, qarzdorligi bor klubga transfer oynasidagi o`zgarishlar uchun ruxsat etilmaydi. Shundan kelib chiqib, yangi futbolchilar masalasida PFLga kelishdan oldin, avval eskilar bilan hisob-kitob qilingani borasidagi hujjatlar taqdim etilishi shart. Klublar rahbariyati bu jihatni inobatga olishini so`raymiz.