Uzoq yillar mobaynida Samarqandning “Dinamo” jamoasi safida barqaror o`yin namoyish etib, ko`plab muxlislar olqishiga sazovor bo`lgan sobiq futbolchi Sirojiddin Sayfiev O`FAga klubning undan moliyaviy qarzdorligi bor ekani xususida murojaat qilgan edi.
Vaziyat atroflicha o`rganib chiqilgach, O`FA “Dinamo” futbol klubiga Sirojiddin Sayfievdan uning futbolchilik faoliyati davomida to`planib qolgan qarzdorligini uzish bo`yicha muddat belgilagandi. Davom etayotgan iyun ekvatorida “Dinamo” Sayfievning hisob-raqamiga 40 million so`m miqdorida pul o`tkazib berdi va sobiq futbolchisi oldidagi qarzini uzdi.
Futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan so`ng unda saraton kasalligi alomatlari mavjudligi aniqlangan Sayfiev mana bir necha yildirki, og`ir dardni enggishga urinib kelmoqda. Yaqin o`tmishning nomdor futbolchilaridan biri mazkur holat yuzasidan quyidagicha fikr bildirib o`tdi:
“Va nihoyat menga yig`ilib qolgan qarzlar to`lab berildi. Shu o`rinda aytishim kerakki, “Dinamo” menga o`z hisobidan hayriya qilmadi, balki mening o`z vaqtida berilmagan ish haqimni qaytardi. Endi bu pullarni muolajalar uchun sarflayman. Zora shifo topishimda buning ham nafi tegib qolsa. Bunda menga ko`mak ko`rsatgan O`FA rahbariyatiga o`z minnatdorchiligimni izhor etmoqchiman. Ularning ko`magidan mamnunman”, — deydi Sirojiddin Sayfiev.
P.S. O`FA hamda PFL bundan buyon klublarning o`z futbolchi va murabbiylari oldida katta miqdorda qarz bo`lib qolish holatlarini bartaraf etishga urinadi. Futbolchi yoki murabbiylar bilan shartnoma bekor qilinishi holatlarida klubning ular oldida qarzdorligi mavjud yoki yo`qligi qattiq tekshiriladi va shundan keyingina jamoaga yangi o`yinchilarni ro`yxatdan o`tkazishga ruxsat beriladi.