2017 yilning 23 oktyabr kuni “Navbahor” futbolchisi Oybek Qilichev futboldan 1 yil muddatga chetlashtirilgandi.
Oybek Qilichev 2017 yilgi O`zbekiston chempionatining 25-turi doirasida “Qo`qon-1912” klubiga qarshi maydonga tushib, raqibiga nisbatan tajovuzkor hatti-harakatda bilan yodda qolgandi. Vaziyatni o`rganib chiqqan O`FA Ijroqo`mi uni bir yilga chetlashtirish barobarida, 10 million so`m miqdorida jarima ham tayin qilgandi.
Yaqindagina O`FA Ijroqo`mi yig`ilishida futboldan butunlay chetlashtirilgan yosh futbolchilarga qaytadan imkoniyat berish masalasi ko`rib chiqilgan va masala ijobiy echim topgandi. Yig`ilish yakunida qo`mita a`zolari Oybek Qilichevni ham oxirgi marta afv etish masalasini o`rtaga tashlagandi.
Navbatdagi yig`ilishda Qilichev masalasi ko`rib chiqildi. “Navbahor” klubidagi ijobiy o`zgarishlar, futbolchining pushaymonligi va bu boradagi maktublari inobatga olinib, Qilichevni bugun — 18 iyun kuni ochilgan transfer oynasidan foydalanib, qayta ro`yxatga olish uchun ruxsat berildi. Buning uchun avvaldan belgilangan jarimani to`lash kerak bo`ladi.
Maqsad futbolchini shunchaki jazolash emas, qilgan ishi xato ekanini unga ongli ravishda tushuntira olishdir, deyiladi Ijroqo`m majlisida. Shunday ekan, Oybek Qilichev Pepsi Superligada yuzaga kelgan tanaffusdan keyingi o`yinlarga tayyorgarlik ko`rishi mumkin. Futbolchi shuni unutmasligi kerakki, u endi jiddiy nazoratda bo`ladi. Navbatdagi tajovuzkor harakati uchun u kechirilmasligi ham mumkin.
Shuningdek, “Navbahor” futbol klubiga ham Qilichevning shartnomasiga bu borada alohida band kiritish tavsiya etiladi. Ya`ni, futbolchi o`zini tiyib olishi shart. Umid qilamizki, Oybek Qilichev xatosidan to`g`ri xulosa chiqargan va endilikda faqatgina chiroyli o`yinlari bilan muxlislar yodida qoladi.
P.S. Yoshini kichiklashtirish illati sabab futboldan chetlashtirilgan, keyin esa millionlar o`yiniga qaytish imkoniyati berilgan futbolchilar hujjatlari bilan bog`liq masalalarni to`liq to`g`rilaganlari holda mashg`ulotlarni boshlashlari mumkin.