1 iyun kuni Oltiariqning “Iftixor” futbol klubi direktori Ahror Ergashev hamda katta murabbiy Nodir Qo`ziboev o`z futbolchilariga nisbatan tajovuzkor hatti-harakatlari sabab futbol faoliyatidan butunlay chetlashtirilgandi.
Keyinroq bir qator ommaviy axborot vositalarida O`FA vaziyatni yaxshi bilmay turib qaror chiqargani borasida xabarlar tarqaldi. Bu kabi xabarlar haqiqatdan yiroqdir.
“Iftixor” klubi futbolchilari bo`lgan Hasanboy Ergashev hamda Tursunboy Husanov bilan bog`liq vaziyatdan PFL O`FA rahbariyatini xabardor qilgan hamda tashkilotning Futbol faoliyatini nazorat qilish boshqarmasining ikki xodimi — Dilshod Saidmurodov hamda Jo`rabek Sabdarov Farg`onaga jo`natishni so`ragan.
Ular Farg`onada birinchi bo`lib jabrlanuvchi Hasanboy Ergashev bilan uning uyida uchrashgan va bo`lib o`tgan voqeaga oydinlik kiritgan. Tursunboy Husanov esa o`z shahri Shahrixonga jo`nab ketgani uchun, u bilan suhbat telefon orqali bo`lib o`tgan.
Shundan so`ng O`FA xodimlari Oltiariq tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi mas`ullari bilan, tuman IIB boshlig`i, shuningdek, Farg`ona viloyati hokimi o`rinbosari bilan suhbatda bo`lgan. Ayni vaqtda ham O`FA Oltiariq tuman IIB mas`ul xodimlari bilan aloqada bo`lib turibdi.
Farg`onaga safari davomida O`FAning ikki vakili “Iftixor” katta murabbiyi Nodir Qo`ziboev bilan, undan keyin esa klub direktori Ahror Ergashev bilan ham uchrashgan. Ular bo`lib o`tgan voqeada ishtirok etganini tan olgan. Ma`lum bo`lishicha, futbolchilarni Oltiariq tumani chekkasidagi oromgohga telefon orqali Nodir Qo`ziboev chaqirtirgan. O`zboshimcha tazyiqni Ahror Ergashev olib borgan va har ikki futbolchiga tan jarohati etkazgan.
O`FA mazkur xulosadan kelib chiqib, “Iftixor”ning har ikki rahbarini futboldan chetlashtirdi. Endilikda IIB mazkur ish yuzasidan tergov surishtiruv ishlarini davom ettirmoqda.