So`nggi paytlarda yurtimizda futbol darajasini yanada oshirish, o`zbek futbolini yanada rivojlantirish yo`lida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.
PFL matbuot xizmati Jizzaxning “So`g`diyona” jamoasi a`zosi Azamat Isroilov bilan suhbatda mamlakat milliy chempionati qanday o`tayotgani to`g`risida, shuningdek qilinayotgan o`zgarishlar borasida futbolchilarning o`zlari qanday fikrda ekani bilan qiziqdi. Suhbat davomida mahoratli himoyachi sekin-asta “millionlar o`yini” yurtimizda yangi darajaga ko`tarilayotganini ta`kidladi.
- Azamat, O`FA hamda PFL tomonidan o`zbek futbolini isloh etish yo`lida amalga oshirilayotgan ishlardan xabardorsiz. Mazkur islohotlar qay darajada samara bermoqda, deb o`ylaysiz?
- Chindan ham bu yil o`zbek futbolida bir qator o`zgarishlar ro`y berdi. O`FA va PFLning yangi rahbariyati ko`plab jabhalarda qo`rqmasdan yangiliklarga qo`l urmoqda. Yangi loyihalar amalga oshirilyapti, futbolimizga “yangi qon” olib kirilyapti. Bularning bari futbolning rivoji uchun qilinayotganini barchamiz ko`rib turibmiz. Ishonamanki, hali bu o`zgarishlar o`z samarasini beradi, albatta. Zero yurtimizda futbolni sevishadi. O`zbekistonda iste`dodlar ko`p. Ularni to`g`ri tarbiyalansa, ularga to`g`ri yo`l ko`rsatilsa, etuk futbolchilar chiqishiga aminman. Shunda bizning milliy terma jamoamiz ham Jahon chempionatlarida ishtirok etadigan bo`ladi.
- Yangicha formatda o`tkazilayotgan milliy chempionatimiz haqida nima deya olasiz? Superliga o`z nomiga munosib tarzda o`tmoqdami?
- Avvalgi Oliy ligadan farqli o`laroq, Superliga chindan ham o`zgacha darajada ekani bilinib turibdi. O`yinlar ancha shiddatli va kurashlarga boy tarzda kechyapti. Har bir uchrashuvga imkon qadar jiddiy hozirlik olib borish va raqibni puxta o`rganish talab etilyapti. Yo`qsa, xatto etakchi jamoalar ham kutilmaganda quyi pog`onada borayotgan jamoalarga imkoniyatni boy berib qo`yyapti. Bu esa o`z navbatida milliy chempionatimizga bo`lgan e`tiborni kuchaytiryapti.
- Demak, Superligada maydonga tushish futbolchilarning o`zlari uchun ham yoqimli bo`lyapti, shundaymi?
- Albatta! Superliganing avvalgi Oliy ligadan farqli jihatlaridan yana biri – tashkilotchilik. Hozir har bir o`yinimiz televidenie orqali namoyish etilyapti. O`yinlarning o`tkazilishida ham yangiliklar qilindi. Maydon ichida va uning atrofida ancha inson mehnat qilib, futbol uchrashuvining yaxshi saviyada kechishi uchun urinayotgani shundoqqina bilinib turibdi. Chempionat o`z titul homiysiga ega bo`ldi. Bunaqasi ham avval bo`lmagan edi. Qolaversa, o`yinlar OAV orqali ancha yaxshi yoritila boshlandi. Bu ham muxlislarning futbolga bo`lgan qiziqishini va e`tiborini yanada orttiradi.
- Stadionlarimizda muxlislar soni ko`paydi. Endilikda stadionlarga ishqibozlar tashrifi orta boshladi…
- Ha, futbol – muxlislar uchun o`ynaladi. Bo`m-bo`sh stadionda to`p tepish futbolchilar uchun ham yoqimsiz. Shu sababli ham bu yil muxlislarning o`yinlarga tashrifi ancha ortgani bizni ham xursand qilmoqda. Bu yil har bir o`yin bayramona tarzda o`tkazilmoqda. Superliga stadionlarida muxlislar uchun tashkil etilayotgan ko`ngilochar tadbirlarni alohida e`tirof etish kerak. Albatta,muxlislar bilan to`lgan stadionda to`p tepish zavqli. Futbolchi yanada kuch oladi. Ularni xursand etish uchun maydonda bor mahoratini ishga soladi. Umuman olganda, hozir qilinayotgan islohotlar yaqin vaqt ichida o`zbek futbolining yangi darajaga chiqishiga turtki bo`lishiga ishonaman.
Intervyu “So`g`diyona” PFK matbuot xizmati bilan hamkorlikda uyushtirildi.