Xabaringiz bor, shu yilning 7 iyun kuni O`zbekiston milliy terma jamoasi safarda Urugvay terma jamoasiga qarshi o`rtoqlik o`yinida maydonga tushadi. Ana shu safar oldidan biz terma jamoadan birinchi marta chaqiruv olgan "Buxoro" klubi a`zosi San`at Shixov bilan suhbatlashdik.
– O`zbekiston yoshlar hamda olimpiya terma jamoalarida bir qator turnirlarda, jumladan, Misr davlatida bo`lib o`tgan Yoshlar o`rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etgansiz. Milliy terma jamoa safiga esa birinchi marta jalb qilinmoqdasiz. Chaqiruv olganingizda nimalarni his qildingiz?
– “Qo`qon 1912” – “Buxoro” o`yinidan qaytayotganimizda murabbiyim Ulug`bek Baqoev meni terma jamoaga chaqirishayotganini aytganda, to`g`risi, ishonmadim, murabbiyimiz hazillashyapti, deb o`yladim. Keyin bu hazil emas, rost ekanini bilganimda judayam hayajonlandim. Bu voqea men uchun kutilmagan xabar bo`ldi. O`sha paytda qanday his-tuyg`ularni boshdan kechirganimni so`z bilan ta`riflash qiyin. Murabbiylarimiz menga shunchalik ishonch bildirib, milliy terma jamoaga chaqirishgan ekan, bor kuch-g`ayratimni sarflashga, ishonchni oqlashga harakat qilaman.
– “Buxoro” klubi Superligada bu yil ancha samarali o`yin ko`rsatmoqda va albatta, bunda sizning ham hissangiz bor. Bilamizki Siz avvallari hujum chizig`ida o`ynar edingiz, hozir esa klubingizda himoyachi ampluasida to`p surmoqdasiz. Hujum chizig`idan himoya chizig`iga o`tishingizga nima sabab bo`ldi?
– O`tgan yilgi mavsumda murabbiyim Ulug`bek Baqoev meni chap qanot himoyasida sinab ko`rmoqchiligini aytib, mening bunga munosabatimni so`radi. Murabbiyning har bir qarorini hurmat qilishimni hamda qaysi chiziqda jamoaga ko`proq foydam tegsa, o`sha chiziqda to`p surishga rozi ekanligimni ma`lum qildim. Shundan so`ng “Metallurg” jamoasiga qarshi o`yinda himoyadagi debyutimni o`tkazdim. Murabbiylarga o`yinim ma`qul kelgani sabab shu kunga qadar ushbu chiziqda to`p surmoqdaman.
– Himoyadagi o`yinlarda o`zingizni qanday his qilyapsiz? Sizga noqulaylik tug`dirmayaptimi?
– To`g`risini aytsam, murabbiyimizning ushbu tajribasi o`zimga ham ma`qul keldi. Hech qanday qiyinchiliklar va muammolarsiz himoya chizig`ida to`p suryapman. Hozirgi zamonaviy futbol juda ham tezlashib ketgani sabab himoyachi bo`lsamda, hujumlarga o`tish uchun imkoniyat har bir o`yinda vujudga kelmoqda. Shu sabab faqat himoyada emas, hujumlarda ham ishtirok etyapman va bu “Buxoro” klubining hujumkor o`yin ko`rsatishiga ozgina bo`lsada yordam beryapti, deb o`ylayman.
– Ma`lumki, O`zbekiston futbol assotsiatsiyasiga yangi rahbariyat kelganidan keyin jahon darajasidagi bir qator terma jamoalar bilan o`rtoqlik o`yinlari tashkil etilmoqda. Iyun oyida terma jamoamiz Urugvay terma jamoasiga qarshi to`p suradi. Bunday kuchli raqiblarga qarshi o`rtoqlik o`yinlari futbolchilar uchun qanchalik muhim deb o`ylaysiz?
– Avvallari milliy terma jamoamiz har doim Tailand, Iordaniya kabi jamoalar bilan o`rtoqlik o`yinlarida maydonga tushar edi. Kuchli jamoalarga qarshi hech qanday tajribaga ega emasligimiz xalqaro musobaqalarda pand berib qo`yardi. Futbol assotsiatsiyasiga yangi rahbariyat kelgach, bir qator saviyasi kuchli terma jamoalar bilan o`yinlar tashkil qilinyapti. Biz futbolchilardan bu o`yinlarda natija talab qilinmasdan, xalqaro tajribamizni oshirishga urg`u berilmoqda. Rahbariyatning ushbu tanlagan yo`lini barcha futbolchilar to`g`ri deb hisoblaydi va bu tez kunlarda albatta, o`zining ijobiy natijasini berishi aniq.
– Milliy terma jamoaning chap qanot himoyasi eng raqobatli chiziqlardan biri hisoblanadi. Vitaliy Denisov kabi tajribali futbolchilar bilan raqobatlashishga o`zingizni qay darajada tayyor deb hisoblaysiz?
– Avvalambor aytib o`tishim kerakki, milliy terma jamoa bu Vatanimizning bosh jamoasi. Birinchi o`rinda milliy terma jamoaga chaqirilganimda faxr tuyg`usini his qildim. Men hech qachon sog`lom raqobatdan cho`chimaganman. Shu sabab ushbu chiziqda kim munosib bo`lsa, o`sha maydonga tushishini hamda Vatani uchun borini va jonini berib o`yin ko`rsatishini istayman. Ortingizda Vataningiz, ota-onangiz hamda butun boshli xalqning sha`ni turgan ekan, bor ishtiyoq bilan mehnat qilib to`p surmaslik noto`g`ri ish bo`ladi mening nazdimda.
– Sizga yaxshi ma`lumki, Milliy terma jamoamiz 2019 yili Birlashgan arab amirliklarida bo`lib o`tadigan Osiyo Kubogiga tayyorgarlik ko`rmoqda. Ushbu musobaqada O`zbekiston o`rin olgan guruh haqida sizning fikringiz muxlislarimizni qiziqtirishi tabiiy.
– Guruhimizda Yaponiya, Ummon va Turkmaniston jamoalari O`zbekistonga qarshilik qilishidan muxlislarimizning xabarlari bor albatta. O`zbekiston terma jamoasi bu raqiblar bilan tengma-teng o`ynay oladi. Biz oldimizga guruhdan chiqishni emas, guruh uchrashuvlaridan keyingi o`yinlarda g`alaba qozonishni asosiy maqsad qilib qo`yganmiz.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev hamda O`zbekiston futbol assotsiatsiyasining vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov tomonlaridan futbolchilarimizga berilayotgan yuksak e`tibor, tayyorgarlik uchun yaratilayotgan yuqori darajadagi imkoniyatlardan keyin terma jamoamiz oldiga minimum finalga chiqish vazifasi qo`yilishini mantiqan to`g`ri deb hisoblayman.
Finaldan past natija o`zbekistonlik futbol muxlislarini ham, murabbiy va rahbarlarimizni ham qoniqtirmasligi aniq. Barcha hamyurtlarimiz jamoamizning g`alabali o`yinlarini sog`ingan va biz Osiyo kubogida buning uddasidan chiqishimizga ishonaman.